TAHORAT

ID: 2185

26.08.2025

307

Savol:

Assalomu aleykum Asr va Shom namoz vaqti yaqin qolganda tahoratni tugatish vaqti maziy kelsa nima qilish kerak 5-6 marta tahorat qilsa ham maziy tuxtamasa?

Javob:

Bunday holatda bavl qilish yo biroz piyoda yurish kabi ishlar bilan maziyni to‘xtatishga harakat qilinadi. Maziy to‘xtamasa, namozni oxirgi vaqtlarigacha to‘xtashini kutadi. To‘xtasa, tahorat qilib namoz o‘qiydi. To‘xtamasa, shu holatda tahorat qilib o‘qiydi. Keyin shom namozi vaqti mobaynida ham maziy to‘xtovsiz kelsa, yana shu holatda tahorat qilib shom namozini o‘qiydi va u sohibi uzr hisoblanadi. Avval o‘qigan asr namozi ham durust bo‘ladi. Keyin har namoz vaqti kirganda bir tahorat qilib o‘qiydi. Bu haqida “Muxtasarul-viqoya” kitobida shunday deyilgan:

ومن لم يَمضِ عليه وقتُ فرضٍ إلاَّ وبه حدَثٌ من استحاضةٍ أو رُعافٍ أو نحوِهما يتوضَّأُ لِوَقتِ كلِّ فرضٍ له ويُصلِّي به فيه ما شاء فرضاً ونفلاً ويَنقُضُه خروجُ الوقتِ كطلوعِ الشمس لا دخولُه كالزَّوالِ" “Kimga to‘liq bir farz namozining vaqti istihoza (kasallik qoni), burundan qon kelishi yoki shularga o‘xshash tahoratni sindiruvchi narsalar bilan o‘tsa, har bir farz namozining vaqti uchun alohida tahorat qiladi va ushbu tahorati bilan o‘sha namoz vaqtida istaganicha farz va nafl namozlarini o‘qiyveradi. Sohibi uzrning tahoratini vaqtning chiqishi buzadi, masalan quyosh chiqishi kabi. Vaqtning kirishi uning tahoratini buzmaydi, masalan zavol kabi” (“Tahorat bobi”). Lekin maziy shom namozi vaqti orasida to‘xtasa, tahorat qilib shomni o‘qiydi. Asr namozini ham tahorat bilan qayta o‘qiydi. Chunki bu odam sohibi uzr bo‘la olmadi. Sohibi uzr bo‘lishi uchun to‘liq bir vaqt namoz vaqtini qamrab olishi kerak. Namoz vaqtining bir qismida najosat kelib turishi bilan sohibi uzr bo‘lmaydi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar