Mayitni qabrga qo‘yilayotganda «tahlil toshini» so‘rashadi. Bu to‘g‘risida biror sahih hadis bormi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Shariatimizda "tahlil toshi" haqida, xususan mayda toshlarning har bittasiga tahlil aytib, "suf" deb chiqish haqida biror ko‘rsatma yo‘q. Sunnatda bori dafn davomida qabr yoniga kelib, bosh tomonidan uch marta tuproq sochishdir. Bu haqida avval batafsil javob berilgan.
Yurtimizning aksar joylarida mayyitning haqqiga tahlil aytish vaqtida sanash uchun toshlardan foydalanadilar va toshlarni qabrga ko‘mib yuboradilar. Hatto, ba’zi hududlarda toshlar mayyitning foydasiga guvohlik beradi, degan noto‘g‘ri e’tiqod ham shakllanib qolgan. Lekin, aslida, xuddi shu tahlil aytishda tasbehlardan ham foydalanish mumkin.
Dinimiz tahlil aytishda foydalanilgan toshlarni qabrga ko‘mishga buyurmagan. Toshlarda hech qanday fazilat yo‘q, ular sanashga vosita, xolos. Asosiysi mayyit uchun aytilgan tahlil va istig‘forlardir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.