QO‘L VA OYOQNI CHALISHTIRIB O‘TIRISH JOIZMI?

ID: 853

04.04.2025

21

Savol:

O‘tirganda qo‘l yoki oyoqni bir biriga bog‘lab, chalkashtirib o‘tirish gunohmi yoki ziyoni yo‘qmi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Odatdagi sharoitda oyoqni oyoq ustiga qo‘yib o‘tirish joiz. Bu borada kelgan hadislar zohiran qaraganda bir-biriga zidga o‘xshaydi. Ubbod ibn Tamim raziyallohu anhu amakilaridan qilgan rivoyatda amakilari aytadilar:

رايت رسول الله صلي الله عليه و سلم في المسجد واضعا احدي رجليه علي الاخري (أخرجه الامام البخاري)

ya’ni: “Men Rasululloh sallollohu alayhi vasallamni masjidda bir oyoqlarini ikkinchisi ustiga qo‘ygan holatda  yotganlarini ko‘rdim” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Imom Muslimning “Sahih”larida esa chalqancha yotgan holda bir oyoqni ikkinchisi ustiga qo‘yib yotishdan man qilingani haqida hadisi sharif keltirilgan. Bu hadislar haqida Imom Navaviy shunday deydilar: “Ushbu hadislarni to‘liq o‘rganib chiqqan ulamolarimiz xulosasi shunday bo‘lganki, oyoqni birini ustiga boshqasini chiqarib yotishdan qaytariq avratlar ochilib qoladigan holga yo‘yiladi. Birinchi hadisdagi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning holatlari esa avratlari ochilmagan holat deb tushuniladi. Avratlar ochilib qolmaydigan bo‘lsa, oyoqlarni chalishtirishning gunohi yo‘q”.

Hofiz ibn Hajar rahimahulloh aytadilar: “Xattobiy aytadilar: “Oyoq chalishtirishdan qaytarishning hukmi mansux bo‘lgan yoki avrat ochilib qoladigan holatga yo‘yiladi. Avratlar ochilib qolmaydigan bo‘lsa, oyoqni chalishtirish joiz”. Men aytamanki (Hofiz ibn Hajar) mansux bo‘ldi degandan ko‘ra, qaytariq avrat ochilib qoladigan holatga tegishli deyish yaxshiroqdir” (“Fathul Boriy” kitobi).

Ulamolarimizning xulosalaridan ma’lum bo‘ladiki, oyoq va qo‘llarni chalishtirib o‘tirish islom odobiga zid bo‘lgan takabburlik, avratlarni ochilib qolishi va mo‘min kishiga yarashmaydigan holat ko‘rinishida bo‘lmasligi kerak ekan. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi 

Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar