Assalomu aleykum ustozlar ba’zi bir aqidada adashgan insonlar menga o‘zlarining adashgan aqidalarini to‘g‘riligini isbotlashga xarakat qilshyapti yani Allohga nisbatan makon berishyapti men ularning aqidasi noto‘gri ekanligini bilaman Ammo dalillar bilan isbotlashga ilmim yetmaydi. arab tilini bilmayman ammo ularning ba’zilari arab tilidan xabardor meni baxsga charqrshyapti ularga dalillar bilan isbotlashni juda juda xoxlayman ammo ilmim yetmasligi sababidan dalillarni arabiy matnda keltrishga men ularga nisbatan javob bera olaolmayapman ustozlar menga nima maslaxat berasizlar ularni haqqa dalil keltirib davat qilishni xoxlayman ammo mening ilmim yetmaydi nima qilsam to‘g‘ri ularning ba’zilari yaqin qarindoshlarim.
Bunday nozik aqidaviy masalalarda, ayniqsa, yetarli ilm bo‘lmaganda kishilar bilan bahsga kirishish o‘rniga hikmat bilan ish tutish eng to‘g‘ri yo‘ldir. Siz o‘sha insonlarni o‘zimizning ahli ilmlar bilan uchrashtiring hamda quyidagi dalillarni yuborib qo‘ying.
Alloh taolo osmonda deyish yoki biror joyda o‘rnashgan deb e’tiqod qilish mutlaqo joiz emas. Chunki osmonni ham, makonni ham U zotning O‘zi yaratgan. Payg‘ambarimiz alayhissalom o‘zlarining hadislaridan birida shunday deganlar: كَانَ اللَّهُ، وَلَمْ يَكُنْ شَىْءٌ قَبْلَهُ ya’ni: “Alloh taolo bor edi, undan boshqa hech narsa bo‘lmagandi” (Imom Buxoriy rivoyati). Makonga joylashish yaratilgan narsalarning sifati hisoblanadi. Ya’ni, har bir yaralmish borki, katta yoki kichik o‘rin egallaydi. Alloh taolo esa bundan pok va oliydir. Alloh taolo O‘zini vasf etib, shunday marhamat qiladi: لَيْسَ كَمِثْلِهِ شَيْءٌ وَهُوَ السَّمِيعُ الْبَصِيرُ "U Zotga o‘xshash hech narsa yo‘qdir. U o‘ta eshituvchidir, ko‘rib turuvchidir" (Shuro surasi, 11-oyat). Ushbu oyat Alloh taoloning a’zo va qismlardan tarkib topgan jism emasligiga hamda biror makon yo tarafdan joy olishdan xoli ekaniga yorqin dalildir. Zero, Alloh taolo biror tarafda bo‘lsa boshqa narsalarga o‘xshash bo‘lib qoladi. Bu esa U zotning bergan xabariga ziddir. Shuning uchun ham ulamolarimiz: “Allohning makoni yo‘q! Alloh taolo biror bir tomonda emas!”, deb uqtirib kelganlar. Jumladan, e’tiqodimiz qoidalarining asoschisi Imom Abu Mansur Moturidiy o‘zlarining "Tavhid" kitoblarida: “Allohni makon ila vasflab bo‘lmaydi. Zero hali hech narsa yaratilmasidan oldin ham Alloh taolo bor bo‘lgan” deganlar. Mashhur muhaqqiq olim Imom Abu Ja’far Tahoviy rahimahulloh ahli sunna val-jamoa e’tiqodiga oid asarlarida shunday deganlar: وَتَعَالَى عَنِ الْحُدُودِ وَالْغَايَاتِ وَالْأَرْكَانِ وَالْأَعْضَاءِ وَالْأَدَوَاتِ، لَا تَحْوِيهِ الْجِهَاتُ السِّتُّ كَسَائِرِ الْمُبْتَدَعَاتِ. “U Zot (ya’ni Alloh) chegaralar, nihoyalar, bo‘laklar, a’zolar va vositalardan oliydir. U Zotni boshqa paydo bo‘lgan narsalarga o‘xshab, olti taraf (o‘ng, chap, old, ort, ust, ost) o‘ray olmaydi” (manba: "al-Aqida at-Tahoviya" kitobi). Imom Tahoviy rahimahulloh boshqa o‘rinda bunday deydilar: "وَمَنْ وَصَفَ اللَّهَ بِمَعْنًى مِنْ مَعَانِي الْبَشَرِ فَقَدْ كَفَرَ، فَمَنْ أَبْصَرَ هَذَا اعْتَبَرَ، وَعَنْ مِثْلِ قَوْلِ الْكُفَّارِ انْزَجَرَ، وَعَلِمَ أَنَّهُ بِصِفَاتِهِ لَيْسَ كَالْبَشَرِ" “Kim Alloh taoloni insonlarga xos bo‘lgan biron sifat bilan vasflasa, shaksiz kofir bo‘ladi. Buni anglagan inson ibratlanadi va kofirlarning so‘ziga o‘xshash gap-so‘zlardan tiyiladi hamda Uning (Allohning) sifatlari insonlarniki kabi emasligini biladi” (manba: "al-Aqida at-Tahoviya" kitobi). Demak, ushbu dalillardan keyin xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, biz – Ahli sunna val-jamoa Alloh taolo haqida shunday e’tiqod qilamiz: Alloh taolo biror tarafda ham, biror makonda ham emas. Unga vaqt ham zamon ham joriy bo‘lmaydi. Agar ko‘nglimizga “Alloh qayerda” degan savol keladigan bo‘lsa, iymon va ixlos bilan: “Biror makon bo‘lmagan paytda ham U zot bo‘lgan. Keyin makonlarni paydo qilgan, zamonlarni joriy qilgan. U zot zamonlaru makonlar yo‘q paytda qanday bo‘lsa, hozir ham o‘shandaydir”,- deymiz.