QABR HAQIDA

ID: 6817

31.01.2026

170

Savol:

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuh! Hurmatli ustozlar meni savolim shundayki bir joyda o‘qib qoldim aytilishicha dajjolning fitnasi qabrda ham bo‘lar ekan shu ma‘lumot va bu fitnadan saqlanish haqida bilmoqchi edim

Javob:

Va alaykum assalom va rohmatulloh. Qiyomatga yaqin Dajjol chiqib xudolik da'vosini qiladi. Sehrgarlik orqali odamlarni aldab, ko'pchilikning iymonini fitnaga soladi. Payg'ambarimiz alayhissalom Dajjolning fitnasidan panoh so'raganlar. Amr ibn Shu'aybdan, u otasidan, u bobosidan rivoyat qilingan hadisda shunday deyiladi:

سَمِعْتُ النَّبِيَّ صلى الله عليه وسلم يَقُولُ: "اللَّهُمَّ إِنِّي أَعُوذُ بِكَ مِنْ فِتْنَةِ الْمَسِيحِ الدَّجَّالِ، وَأَعُوذُ بِكَ مِنْ فِتْنَةِ النَّارِ" (رواه البخاري في "الأدب المفرد")

“Nabiy sallallohu alayhi vasallamning “Allohim! Men Sendan Masih Dajjolning fitnasidan panoh so'rayman va do'zaxning fitnasidan panoh so'rayman”, deganlarini eshitdim” (Imom Buxoriy “Al-Adab al-mufrad”da rivoyat qilganlar). Boshqa rivoyatda Rasuli Akram alayhissalom ummatlarini Dajjolning fitnasidan panoh so'rashga buyurganlar. Dajjolning fitnasi asosan o'sha paytdagi tirik odamlarga bo'lishi hadislardan ma'lum bo'ladi. O'liklarga ham Dajjolning fitnasi etishi haqida hadislarda aytilmagan. Sahihul Buxoriyda qabr azobi haqida bir hadis keladi: "Rasululloh sollalohu alayhi vasallam: "Ushbu o'rnimda ilgari menga ko'rsatilmagan barcha narsalarni ko'rdim, hatto jannatu do'zaxni ham. Menga vahiy qilindiki, sizlar qabrlaringizda Masih Dajjol imtihoni kabi (yoki shunga yaqin) imtihon qilinasiz", dedilar". Ammo bu hadisda qabrdagi savol-javob nazarda tutilgan, Dajjol fitnasi qabrdagilarga bo'lishi emas. Ya'ni qabrdagi savol-javob Dajjol fitnasi kabi jiddiy narsa ekani uqtirilgan. Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga ushbu duoni xuddi Qur'ondan bir surani o'rgatgandek o'rgatar edilar: «Allohim! Albatta, men Sendan jahannam azobidan panoh so'rayman. Sendan qabr azobidan panoh so'rayman. Sendan Masiyhi Dajjolning fitnasidan panoh so'rayman. Sendan hayot va mamot fitnasidan panoh so'rayman». Termiziy rivoyati. Vallohu a'lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar