SUVDA MUZLAB O‘LGAN BALIQNI YESA BO‘LADIMI?

ID: 187

04.04.2025

149

Savol:

Qattiq sovuq bo‘lganidan suvlar muzladi. Natijada baliqlar ham muzlab o‘lib qoldi. Suvda muzlab o‘lgan baliqni yesa bo‘ladimi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Biror bir tashqi sabab ya’ni qattiq issiq, yoki qatiq sovuq sababli suvda o‘lgan baliq halol bo‘lib, uni yeyish joiz. Albatta, hech qanday tashqi sababsiz suvda o‘lib, suv yuzasiga qalqib chiqib qolgan baliqni yeyish halol bo‘lmaydi. Jobir ibn Abdulloh raziyallohu anhudan qilingan hadisda Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday dedilar:

عَنْ جَابِرِ بْنِ عَبْدِ اللهِ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَا أَلْقَى الْبَحْرُ أَوْ جَزَرَ عَنْهُ فَكُلُوهُ وَمَا مَاتَ فِيهِ وَطَفَا فَلا تَأْكُلُوهُ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَابْنُ مَاجَهْ وَالدَّارَقُطْنِيُّ. 

Jobir ibn Abdulloh raziyallohu anhu Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Dengiz (sohilga) chiqarib tashlagan yoki undan suv pasayganlarini yeyaveringlar. Ammo unda o‘lgan va suv yuziga qalqib chiqqanini yemanglar” (Abu Dovud, Ibn Moja va Doraqutniy rivoyati).

Bu haqida mazhabimiz fuqaholari shunday deyishgan:

"الاصل في إباحة السمك إن ما مات بآفة یؤکل وما مات بغیر آفة لایؤکل".

“Baliqning halolligidagi asl qoida, biror bir tashqi ofat sababli o‘lgan bo‘lsa, uni yeyish joiz bo‘ladi. Ofatsiz, tashqi sababsiz o‘lgan bo‘lsa, yeyish joiz bo‘lmaydi” (“Raddul muhtor” kitobi, 5-juz, 248-bet).

Xulosa qilib aytganda qattiq sovuqda muzlab o‘lib qolgan baliqlarni yeyish joiz. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar