SURA O’QISH TARTIBI

ID: 3633

26.10.2025

35

Savol:

Namoz vaqtida “Al-Fotiha” surasidan keyin o‘qiladigan ikkinchi surada, bir oyatdagi ma’lum so‘zlarni 2–3 marta takrorlab, so‘ng davom ettirish joizmi? Masalan, “An-Naba” surasining 36-oyatiga (جَزَاءً مِنْ رَبِّكَ عَطَاءً حِسَابًا) kelganimda, avval “جَزَاءً مِنْ رَبِّك” deb, keyin oyatni boshidan “جَزَاءً مِنْ رَبِّكَ عَطَاءً حِسَابًا” deb o‘qisam, bu holat joiz bo‘ladimi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim. Farz namozlarida bir oyatni yoki uning bir qismini qasddan takrorlash makruh sanaladi, ammo uzr yoki unutish sababli bo‘lsa, zarari yo‘q. "Fatovoi Olamgiriya"da bu haqda shunday deyilgan:

وَإِذَا كَرَّرَ آيَةً وَاحِدَةً مِرَارًا فَإِنْ كَانَ فِي التَّطَوُّعِ الَّذِي يُصَلِّي وَحْدَهُ فَذَلِكَ غَيْرُ مَكْرُوهٍ وَإِنْ كَانَ فِي الصَّلَاةِ الْمَفْرُوضَةِ فَهُوَ مَكْرُوهٌ فِي حَالَةِ الِاخْتِيَارِ وَأَمَّا فِي حَالَةِ الْعُذْرِ وَالنِّسْيَانِ فَلَا بَأْسَ. هَكَذَا فِي الْمُحِيطِ.

«Agar bir oyatni bir necha bor takrorlasa, bas, agar yolg‘iz o‘qiyotgan nafl namozida bo‘lsa, unda bu makruh emas. Ammo farz namozida bo‘lsa, unda qasddan bo‘lsa makruhdir. Ammo uzr va unutish holatida bo‘lsa, zarari yo‘q. "al-Muhit" kitobida shunday deyilgan».

Xulosa shuki, siz keltirgan holat, ya’ni oyatni qayta boshlash agar farz namozda va qasddan qilingan bo‘lsa makruh, lekin namozni buzmaydi. Agar unutib shunday qilgan bo‘lsangiz yoki nafl namozda bo‘lsangiz, buning zarari yo‘q.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar