Peshin namozining 3-rakat sunnatini o‘qiyotgan edim, shunda imom farzini boshlab yubordi shu vaziyatda nima qilishim kerak edi? Men namozimni buzib iqtido qildim shu to‘g‘rimi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Yo‘q, bu ishingiz to‘g‘ri bo‘lmagan. Aslida siz peshinning sunnatini to‘liq o‘qib, keyin jamoatga qo‘shilishingiz kerak edi.
Bu haqida Imom Burhoniddin Marg‘iloniy shunday deydilar:
وَلَوْ كَانَ فِي السُّنَّةِ قَبْلَ الظُّهْرِ وَالْجُمُعَةِ فَأُقِيمَ أَوْ خَطَبَ يَقْطَعُ عَلَى رَأْسِ الرَّكْعَتَيْنِ ، يُرْوَى ذَلِكَ عَنْ أَبِي يُوسُفَ رَحِمَهُ اللَّهُ ، وَقَدْ قِيلَ يُتِمُّهَا
“Peshin yoki jumadan avval sunnat namozini o‘qib turganda iqomat takbiri aytilsa yo imom xutbaga chiqsa, sunnatni ikki rakat qilib tugatadi. Bu Imom Abu Yusufdan rivoyat qilingan. To‘liq qilib keyin jamoatga qo‘shiladi, degan gap ham bor” (“Hidoya” kitobi).
Yuqoridagi jumladan ma’lum bo‘ladiki, peshinni sunnatini o‘qib turgan kishi imom takbiri tahrimani aytganida hali uchinchi rakatga o‘tmagan bo‘lsa, uni ikki rakat qilib tugatib, farzga qo‘shiladi. Bu ikki rakat nafl bo‘lib qolib, to‘rt rakatli sunnatni farzdan keyin o‘qib oladi. Agar sunnatning uchinchi rakatiga turib ketgan bo‘lsa, namozni oxiriga yetkazib, keyin farzga qo‘shiladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.