SUNIY INTELEKT

ID: 3691

29.10.2025

640

Savol:

Assalomu alaykum.Men Suniy intelekt orqali video va rasm tayyorlayman.Yani buyruq asosida odam yaratib harakatlantirib ovoz berolaman hattoki tarixiy shaxslarga nisbatan ham shunday qilolaman va bu kasbimni boshqalarga ham o'rgatmoqchiman yani zamonaviy kasbni o'rgansin qolganlar ham va foydalanishsin deb.Lekin men bir manbani ko'rib qoldim. "Islomda jonli mavjudot (odam, hayvon) tasvirini chizish yoki haykalini yasash masalasida ehromlik (man etilganlik) haqida hadislar mavjud. Rasululloh ﷺ dedilar: “Eng og‘ir azob tortuvchilar — Allohning yaratganini taqlid qiluvchilardir.” (Imom Buxoriy, Muslim rivoyati)" Shundan so'ng ikkilanib qoldim yani men qilayotgan ish joizmi yoki joiz emasmi deb?Tanish domlalarga savolni bergan edib har hil javoblar oldim.Shu sababli iltimos aniq javob bersangiz

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim. Kino va multfilm ishlab chiqarishda kompyuter grafikasidan foydalanish masalasida zamonamiz ulamolari turlicha fikr bildirganlar. Ba’zi ulamolar shariatimizda insonni, jonli narsalarning suratini to‘la holda chizish taqiqlangani e’tiboridan uni joiz emas, deyishgan. Ushbu ulamolar o‘z so‘zlariga Imom Muslim va boshqa bir qancha muhaddislar rivoyat qilgan rasm chizishning mumkin emasligi borasidagi hadislarni dalil qiladilar. Jumladan, Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kuni Allohning huzurida eng qattiq azobda bo‘ladigan odamlar musavvirlardir”, – deganlar. Bu mazmundagi hadislar ko‘plab sahobalar tomonidan rivoyat qilingan bo‘lib, ularga ko‘ra jonli narsalarning suratini chizishga izn yo‘qligi, odamlar o‘sha suratlarni iloh qilib olishlari xavfi borligi, natijada e’tiqodiy buzilishlar yuzaga kelishi aytib o‘tilgan. Ayniqsa, jonli narsalarning suratini chizishda inson Allohning yaratganiga o‘xshatishga urinish ma’nosi borligi hadislarda ochiq ta’kidlangan. Shuningdek, zamonamizdagi ko‘pchilik ulamolari kompyuter grafikasidan foydalanish joiz ekaniga fatvo berganlar. Ushbu ulamolarning ta’kidlashlaricha, komp’yuter grafikasi orqali yaratilgan surat – fotosurat va kinomatografik suratlar kabidir. Zero, bularning barchasida aks olish va uni elektron ekranda namoyon qilish bor. Qolaversa, bunda inson tomonidan Alloh taolo yaratgan narsaga o‘xshatishga urinish, unday narsalarga ibodat qilish ma’nosi ham yo‘q. Elektron foto xuddi oynaga aks tushgandek gap. Faqat bu yerda tasvirning aksi oynada zabt bo‘lib qolmaydi, balki fotoda zabt bo‘lib, uni qog‘ozga chiqarish mumkin bo‘ladi. Misrning fatvo hamda Islomiy tadqiqotlar uyushmasining ulamolar Kengashi 2010 yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan o‘n ikkinchi majlisida “Islom ahkomlari va odoblarini ta’lim berishda qo‘llaniladigan animatsion rasmlarning hukmi”ga doir 161-sonli Qarorini e’lon qilgan. Unda musulmon yoshlarni ta’lim-tarbiyasi hamda islomiy madaniyatini rivojlantirishda elektron rasmlarni yaratish joiz ekani ta’kidlangan. Xulosa qilib aytganda, zamonamizning ko‘pchilik ulamolari e’lon qilgan fatvo – kompyuter grafikasidan foydalanishning joiz ekani dalil jihatdan quvvatli va zamon ruhiga mos sanaladi. Chunki hozirgi paytda dinimiz dushmanlari tomonidan kompyuter grafikasidan keng foydalangan holda olomoncha madaniyatini singdirish uchun tizimli ishlar amalga oshirilayotgan bir paytda musulmonlar tomonidan dinimiz me’yorlariga to‘la mos keluvchi film va multfilmlar yaratish bugungi kunning zaruratiga aylanmoqda. Ayniqsa, buyuk va namuna bo‘lgan tarixiy shaxslarning ibratli hayoti, Islomdagi odob-axloq, ta’lim-tarbiya, ilm-fanga targ‘ib va ezgu g‘oyalarni shakllantiruvchi obrazlarni yaratish yoshlarimizning e’tiqodi va axloq me’yorlarini saqlab qolishga xizmat qiladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar