Sudxo‘rlikning oqibatlari haqida dinimizda nima deyilgan?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Qur’oni karim va hadisi shariflarda sudxo‘rlikdan qattiq qaytarilgan. U bilan shug‘ullanadigan kimsalarga azob uqubatlar bo‘lishini ham ta’kidlangan. Alloh taolo aytadi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا اتَّقُوا اللَّهَ وَذَرُوا مَا بَقِيَ مِنَ الرِّبَا إِنْ كُنْتُمْ مُؤْمِنِينَ فَإِنْ لَمْ تَفْعَلُوا فَأْذَنُوا بِحَرْبٍ مِنَ اللَّهِ وَرَسُولِهِ وَإِنْ تُبْتُمْ فَلَكُمْ رُءُوسُ أَمْوَالِكُمْ لَا تَظْلِمُونَ وَلَا تُظْلَمُونَ
“Ey, imon keltirganlar! Allohdan qo‘rqingiz va (chinakam) mo‘min bo‘lsangiz, sudxo‘rlik sarqitidan voz kechingiz! Mabodo (bu buyruqqa itoat) qilmasangiz, u holda Alloh va Payg‘ambari tomonidan (sizlarga qarshi bo‘lajak) urushni (azobni) bilib qo‘yingiz! Agar tavba qilsangiz, dastmoyalaringiz – o‘zingizga. Zulm ham qilmaysiz, zulm qilinmaysiz ham” (Baqara surasi, 278-279 oyatlar).
Abdulloh ibn Hanzala raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kishining bilaturib sudxo‘rlikdan yegan bir dirhami o‘ttiz olti marta zino qilganidan og‘irroqdir” (Imom Ahmad, Imom Tabaroniy rivoyatlari).
Baro ibn Ozib raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Sudxo‘rlikning yetmish ikkita turi bo‘lib, ularning eng kichigi kishining onasiga yaqinlik qilishi bilan barobardir. Sudxo‘rlikning eng yaramasi esa, kishining o‘z birodari nomusiga tajovuz qilishidir” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Bu borada kelgan hadisi shariflar va ulamolarimizning so‘zlari juda ko‘p. Shuning uchun har qanday oldi-sotdi, qarz oldi-berdi qilmoqchi yoki qandaydir yangi chiqqan biznes ishlariga qatnashishdan avval uning shar’iy tarafini so‘rab bilib olib, keyin o‘sha ishni amalga oshirish lozim. Chunki o‘zi bilmagan holda sudxo‘rlikka kirib qolish ehtimoli bor. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.