Ayolimga imomlik qilib namoz o‘qisam bo‘ladimi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Albatta, ayolingizga imomlik qilib namoz o‘qishingiz joiz bo‘ladi. Bu borada “Badoi’us-sanoi’” kitobida shunday deyilgan: “Agar imom bilan birga birgina ayol bo‘lsa, u ayol imomning orqasida turadi (ya’ni, yonida turmaydi). Ayolning imom yonida barobar turishi imomning namozini buzadi.
Yana bu mavzuda Imom Navaviy rahimahulloh shunday deydilar:
إذا صلى الرجل في بيته برفيقه أو زوجته أو ولده حاز فضيلة الجماعة
ya’ni: “Kishi uyida do‘sti, yoki jufti, yo farzandi bilan namoz o‘qisa jamoatning fazilatiga yetadi”.
Payg‘ambar alayhissalomdan naql qilingan hadisga ko‘ra ikki kishi ham jamoat hisoblanadi. Hatto hanafiy va shofe’iy ulamolar, imomga ergashuvchi yosh bola ya’ni, balog‘atga yetmagan bo‘lsa ham, jamoat hosil bo‘ladi, deganlar. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.