SPIRT ISHLAB CHIQARADIGAN KISHIGA BUG‘DOY SOTSAM BO‘LADIMI?

ID: 734

04.04.2025

18

Savol:

Men O‘zbekiston tovar xom ashyo birjasida broker bo‘lib ishlayman, birjada don mahsulotlari zavodlari bug‘doy sotadi. Menga bitta mijoz kelib, bugdoy olib bering deyapti. Ular bug‘doydan spirt chiqarib olib chetga eksport qilar ekan. Shariat bo‘yicha bunday mijoz bilan ishlasam gunohkor bo‘lib qolmaymanmi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Shar’an gunohkor bo‘lmaysiz. Chunki, bug‘doydan olingan spirtdan faqatgina mast qiluvchi ichimliklar emas, balki tibbiyot sohasida ham, turli xushbo‘yliklar ishlab chiqishda ham keng qo‘llaniladi. Qolaversa, shariat man qilgan ichimlik bevosita bug‘doydan emas, balki unga bir qancha ishlov berilgach vujudga keladi. Fiqhiy manbalarda bu haqda quyidagicha deyilgan:

 لا بأس ببيع العصير ممّن يعلم أنه يتّخذه خمراً لأنّ المعصية لا تقام بعينه بل بعد تغييره  (فتح القدير 8 : 493) 

ya’ni: “Sotuvchi, sotib oluvchining mast qiluvchi ichimlik tayyorlashini bilsa-da, unga uzum suvini sotishida zarar (gunoh) yo‘qdir. Chunki ma’siyat (may ichish) uzum suvining bevosita o‘zi bilan sodir bo‘lmaydi, balki u may (vino)ga aylangandan so‘ng sodir bo‘ladi” (“Fathul qadir” kitobi). Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar