Assalamu alaykum. Kunlar sovuganda, ayniqsa juma namozlarida ko‘pchilik ochiq havoda namoz o‘qishadi. Oyoq kiyimimni yechib, joy namoz ustida juma namozini o‘qigandim. Oyog‘imdan zax o‘tib, belim ham og‘rib qoldi. Oldin eshitganman, oyoq kiyim bilan ham namoz o‘qisa bo‘ladi deb. Shunday namoz o‘qish rostdan ham bo‘ladimi? Oyoq kiyimlarga hojatxonalarda najosat tekkan bo‘lishi mumkin. Oyoq kiyimni qoqib, najosat qurib, ko‘rinmay ketganidan keyin zarari yo‘qmi? Bundan tashqari, agar oyoq kiyim bilan namoz o‘qiganda, oyoq uchini qiblaga qaratishning imkoni bo‘lmasligi mumkin, chunki qishki oyoq kiyimlar ancha qattiq bo‘ladi. Shu masala bo‘yicha maslahat bersangiz, iltimos.
Va alaykum assalom. Ha, zarurat va uzrli holatlarda oyoq kiyim bilan namoz o‘qish joiz, lekin uning poklagiga ishonch hosil qilish shart. Agar oyoq kiyimga najosat tekkani aniq bo‘lsa, uni tozalash lozim. Lekin najosat quruq bo‘lib, yerga ishqash orqali yoki qoqib tushirilganda uning asari, rangi, hidi butunlay ketsa, oyoq kiyim pok hisoblanadi. Shunchaki najosat tekkan bo‘lishi mumkin degan gumon bilan oyoq kiyim nopok sanalmaydi. Sajdada oyoq barmoqlarini qiblaga qaratish sunnat amaldir, uni imkon boricha bajarishga harakat qilish kerak. Ammo sovuq sharoitda oyoq kiyim bilan o‘qishga majbur bo‘lib, buni bajara olmasangiz, zarurat o‘laroq uzrli bo‘ladi va namozingizga zarar yetmaydi. Vallohu a’lam.