Sovuqda kasallanishdan qo‘rqib tayammum qilgan junub odam ketidan tahorat oladimi yo shart emasmi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Sovuq sababli g‘usl qilish uzrli bo‘lsa, poklanish uchun tayammum qilinadi va tayammumdan keyin tahorat olish shart emas. Agar tayammumdan keyin tahoratni buzuvchi holatlar bo‘lsa, namozlarni tahorat qilib o‘qiyveradi. G‘uslga sharoit bo‘lishi bilan g‘usl qilib olish kerak bo‘ladi.
Sovuq kunda g‘usl o‘rniga tayammum qilish to‘g‘risida Alouddin Kosoniy rahimahulloh shunday deydilar:
أجنب في ليلة باردة يخاف على نفسه الهلاك لو اغتسل ولم يقدر على تسخين الماء ولا على اجرة الحمام في المصر اجزأه التيمم في قول أبى حنيفة وقال أبو يوسف ومحمد ان كان في المصر لا يجزئه
ya’ni: “Kishi sovuq kechada junub bo‘lib, g‘usl qilsa halokatiga sabab bo‘lishidan xavf qilsa va suvni isitish imkoni bo‘lmasa, shuningdek, shahar hammomining to‘loviga ham qodir bo‘lmasa, Imom Abu Hanifa rohimahullohning qavliga binoan mazkur kishi tayammum qilishi joiz bo‘ladi. Imom Abu Yusuf va Imom Muhammadlar esa: “Agar shahar hududida bo‘lsa, tayammum qilishi joiz bo‘lmaydi”, deganlar...” (“Badoi’us sanoye’” kitobi).
Sovuq kunda junub kishi tayammum qilish joiz bo‘lishi uchun sovuqlik darajasi yuqori bo‘lib, inson hayotiga yoki salomatligiga xavf tug‘diradigan darajada bo‘lishi va issiq suv topish imkoni bo‘lmasligi lozim. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.