SOTUVCHI XARIDORNING QARZINI ZAKOT HISOBIDAN KECHISHI

ID: 7224

10.02.2026

137

Savol:

Men 500 dollarlik mahsulot xarid qilmoqchi bo'lib, sotuvchiga: "Hozir 100 dollar bersam, qolgan pulini ikki oyda bersam bo'ladimi?" dedim. U esa: "Ha, o'sha 100 dollarni bering, qolganini zakotimdan berdim", desa, zakoti durust bo'ladimi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim. Yo'q, zakot durust bo'lmaydi. Shariat ahkomlariga ko'ra, sotuvchi xaridordagi haqqini yoki qarzini kechib юborish orqali zakotni ado qila olmaydi. Buning sababi, zakot durust bo'lishi uchun “tamlik”, ya'ni molni faqirning qo'liga mulk qilib topshirish shartligidir. Qarzdan kechishda esa bu shart topilmaydi.

Bu vaziyatda zakot durust bo'lishining chorasi shuki, sotuvchi zakot uchun ajratgan mablag'ini, masalan, o'sha 400 dollarni xaridorga (albatta, agar u zakot olishga haqli bo'lsa) beradi va qo'liga topshiradi. Xaridor pulni qabul qilib olgandan so'ng, sotuvchi undan o'z haqqini yoki qarzini to'lashni so'raydi va xaridor o'sha pulni qaytarib beradi. Shunda zakot ham ado bo'ladi, qarz ham uziladi. Vallohu a'lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar