SOCHNI BO'YASH

ID: 2422

06.09.2025

979

Savol:

Assalomu aleykum. Sochni va soqolni bo'yasa bo'ladimi? Tahorat va g'uslga daxli yo'qmi?

Javob:

Dinimizda soch va soqolni, xususan, oqargan tuklarni bo‘yash joiz, balki mustahab amaldir. Bu yahudiy va nasroniylarga o‘xshab qolishdan saqlanish hamda ko‘rinishni go‘zallashtirish maqsadida targ‘ib qilingan. Lekin buning bir necha muhim shartlari bor. Eng asosiy shart – ishlatiladigan bo‘yoq soch yoki soqol tolasi ustida qatlam hosil qilib, tagiga suv o‘tishiga to‘sqinlik qilmasligi kerak. Agar bo‘yoq suv o‘tkazmaydigan bo‘lsa, tahorat va g‘usl durust bo‘lmaydi va natijada o‘qilgan namoz kabi ibodatlar ham qabul bo‘lmaydi. Shuning uchun suv o‘tkazadigan vositalardan foydalanish kerak.

Soch va soqolni bo‘yashda rang tanlashga ham alohida e’tibor beriladi. Hanafiy mazhabi ulamolari va boshqa ko‘pchilik olimlarning so‘ziga ko‘ra, soch-soqolni tim qora rangga bo‘yash makruh hisoblanadi.

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Makka fathi kuni Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning otalari Abu Quhofani olib kelishdi. U zotning soch-soqollari "sag‘oma" (oq gulli va oq mevali o‘simlik) kabi oppoq edi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Buni (oqlikni) o‘zgartiringlar va qora rangdan saqlaninglar», dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Boshqa bir hadisda esa Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi, Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Oxir zamonda soch-soqolini kabutarning to‘shiga o‘xshatib qoraga bo‘yaydigan qavmlar bo‘lur. Ular jannatning hidini ham hidlamaslar» (Abu Dovud va Nasoiy rivoyatlari).

Shu sababli, ulamolar oq sochni yashirishda qoraga yaqin to‘q jigarrang, qo‘ng‘ir yoki boshqa ranglardan foydalanishga ruxsat berishgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar