Ikki haramda asr namozi ertaroq o‘qilar ekan. Biz ham shu vaqtda o‘qisak bo‘ladimi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Saudiya arabistonida, xususan, masjidul harom va masjidun nabaviyda asr namozi ertaroq, ya’ni soya bir barobar bo‘lgan vaqtda o‘qiladi. Chunki ular hanbaliy mazhabi bo‘yicha amal qiladilar.
Hanafiy mazhabi bo‘yicha asr namozining vaqti borasida ikki xil qarash bor:
Asr vaqti Quyosh zavoldan oqqandan keyin soya ikki barobar bo‘lganda kiradi. Ushbu qarashga mazhabimizdagi fatvo berilgan bo‘lib, ko‘pchilik mashoyixlar ixtiyor qilishgan.
Asr vaqti Quyosh zavoldan oqqandan keyin soya bir barobar bo‘lganda kiradi. Buni Imom Abu Yusuf va Imom Muhammadlar aytishgan. Imom Abu Hanifa ham ushbu gapni aytganlari rivoyat qilingan. Imom Tahoviy "Muxtasar"da, Taroblusiy "Burhon"da, Shurunbuloliy "Durrul muxtor"ning hoshiyasida ushbu fatvoni ixtiyor qilishgan.
Boshqa mazhab ulamolari ham soya bir barobar bo‘lganda asr vaqti kiradi, deydilar. Bu haqda Alloma Haskafiy shunday deydilar: Shuning uchun ikki haramda mazkur so‘zlarga amal qilgan holda asr namozini jamoat bilan o‘qish mumkin.
( وَوَقْتُ الظُّهْرِ مِنْ زَوَالِهِ إلَى بُلُوغِ الظِّلِّ مِثْلَيْهِ ) وَعَنْهُ مِثْلَهُ ، وَهُوَ قَوْلُهُمَا وَزُفَرَ وَالْأَئِمَّةِ الثَّلَاثَةِ .
"Peshinning vaqti quyosh oqqandan boshlab, har narsaning soyasi asliy soyasidan boshqa o‘zining ikki barobari bo‘lgunichadir. Imom Abu Hanifa rahimahulloh bir soya barobar bo‘lgunicha degan rivoyat ham bor. Imomayn, Imom Zufar va uch mazhab sohiblari ham bir barobar bo‘lguncha deganlar" (Raddul muhtor).
Hadisi shariflarda ikki haramda o‘qilgan namozlarning fazilati ko‘plab kelgani va ushbu muborak joylarda ixtilof qilmaslik zarurati sababli yurtdoshlarimiz asr namozini jamoatga iqtido qilgan holda o‘qishlari mumkin. Bu bilan Imom Abu Yusuf va Imom Muhammad raimahullohlarning fatvo bergan hamda ayrim mashoyixlarimiz ixtiyor qilgan fatvoga amal qilgan hisoblanadilar.
Shuni yodda tutish lozimki, ushbu fatvoga amal qilish uchun u yerdagi musulmonlarga xilof qilmaslik zarurati bo‘lgani sababli hamda mazhabimizdagi ayrim ulamolar ixtiyor qilgani uchun ruxsat etilmoqda. Ammo boshqa yurtlarda, xususan, bizning yurtimizda asr namozi ikki soya vaqtida o‘qiladi. Bu vaqtgacha peshin vaqti turgan hisoblanadi. Chunki ikki soya degan gap hanafiy mazhabining fatvosi o‘laroq qabul qilingan (“Anvorul-manosik” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.