SINGAN IDISHNI TASHLAB YUBORISH KERAKMI?

ID: 147

04.04.2025

245

Savol:

Cheti uchgan, singan idishlarni tashlab yuborish kerak deb eshitdim. Buni qanday tushunish kerak?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Cheti uchgan, singan idishlar borasidagi gaplarni bu haqda kelgan hadislarni o‘rganish orqali to‘g‘ri tushunishimiz mumkin.

 "عَنْ أَبِي سَعِيدٍ الْخُدْرِيِّ، أَنَّهُ قَالَ: «نَهَى رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ عَنِ الشُّرْبِ مِنْ ثُلْمَةِ الْقَدَحِ، وَأَنْ يُنْفَخَ فِي الشَّرَابِ» سنن أبي داود

Abu Said Xudriy roziyallohu anhu: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam idishni siniq joyidan ichishdan va ichimlikka puflashdan qaytardilar”, dedi (Imom Abu Dovud rivoyatlari).

عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ أَنَّ قَدَحَ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ انْكَسَرَ، فَاتَّخَذَ مَكَانَ الشَّعْبِ سِلْسِلَةً مِنْ فِضَّةٍ. قَالَ عَاصِمٌ: رَأَيْتُ الْقَدَحَ وَشَرِبْتُ فِيهِ" (صحیح البخاري).

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallallohu alayhi vasallamning idishlari sindi. So‘ng singan joyini kumush bilan ulab oldilar”, dedi. Osim (hadis roviylaridan biri): “Men shu idishni ko‘rdim va undan suv ichdim”, dedi (Imom Buxoriy rivoyati).

عن أبي سعيد -رضي الله تعالى عنه - (قال: نهى رسول الله صلى الله عليه وسلم عن الشرب من ثلمة القدح): بضم المثلثة وسكون اللام هي موضع الكسر منه. قال الخطابي: إنما نهى عن الشرب من ثلمة القدح؛ لأنها لاتتماسك عليها شفة الشارب، فإنه إذا شرب منها ينصب الماء ويسيل على وجهه وثوبه. زاد ابن الملك: أو لأن موضعها لايناله التنظيف التام عند غسل الإناء، (وأن ينفخ) : بصيغة المجهول أي وعن النفخ (في الشراب. رواه أبو داود). وكذا أحمد والحاكم".

Abu Sa’id Xudriy raziyallohu anhudan qilingan rivoyatda u zot aytdilar: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam idishni singan joyidan ichishdan qaytardilar”. Xattobiy aytadilar: “Nabiy sallallohu alayhi vasallamning qaytarishlarini sababi, ichuvchining labi yaxshi o‘rnashmaganligi sabab yuziga, kiyimiga suv to‘kiladi”, dedilar. Ibnul Malak qo‘shimcha qilib: “Yoki idishni yuvish paytida o‘sha siniq joyi yaxshi yuvilmay qolishi, natijada idish to‘liq toza bo‘lmay qolishi”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati). (“Mirqotul Mafotih” kitobi, 7 jild).

Demak, agar idish piyola, stakan bo‘lib, uning cheti uchgan bo‘lsa aynan o‘sha joyiga og‘iz qo‘yib ichishdan Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam qaytarganlar. Buning sababi sifatida Nabiy sallallohu alayhi vasallamning ummatga mushfiqliklari va mehribonliklarini ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi. Chunki, idishning siniq joyidan ichish bilan insonning labiga ozor yetishi yoki o‘sha joydan kiyimga, badanga suv to‘kilishi mumkin. Qolaversa idishning siniq joyi yaxshi tozalanmay bugungi til bilan aytganda turli mikroblar to‘planib qolgan bo‘lishi va kelgusida turli kasalliklarga sabab bo‘lishi mumkin. Ana shunday sabablarga ko‘ra Nabiy sallallohu alayhi vasallam ummatni siniq idishlardan foydalanmasikka chaqirganlar. Yuqoridagi hadislardan quyidagilarni tushunamiz: 

  1. Piyola yoki stakanlarni sinmagan joyidan ichsa makruh bo‘lmaydi.
  2. Agar choynak, kosa kabi to‘g‘ridan to‘g‘ri og‘iz bilan emas, balki bilvosita foydalanadigan idishlar bo‘lsa, makruh bo‘lmaydi.
  3. Agar o‘sha siniq idishdan boshqa idish bo‘lmasa, undan foydalanish joiz.
  4. Agar siniq idishlar ta’mirlansa, ulardan foydalanish karohiyatsiz joiz.
  5. Hadisi sharifdagi siniq idishdan foydalanmaslikdan bo‘lgan qaytariq nojoizlikni emas, balki yuqorida zikr qilib o‘tilgan sabablar tufayli xush ko‘rilmagan ish ekanligini tushunamiz. Shuning uchun uzrli hollarda yoki majburiy hollarda siniq idishlardan foydalanishlikni zarari yo‘q. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar