Assalomu alaykum. Sila-i rahim kimlarga qilinadi? Ya'ni sila-i rahmga eng haqdor qarindoshlar kimlar? Ba'zida eshitib qolamiz. Ota tomondagi qarindoshlarga qilinadi sila-i rahm deyishadi. Asosan ota tomondagi qarindoshlarga qilish kerak diyishadi. Bir qarindoshim bor. Ota tomondagi qarindoshlari bilan aloqasi yaxshi. Uzoqroq bo‘lgan amakivachchalari bilan ham aloqasi yaxshi. Lekin xolabachchalari bilan ammasini bollari bilan aloqasi yaxshi emas. Men sila-i rahm qiling desam bular bilan sila-i rahm qilishim shart emas degan fikrni aytdi. Xullas, sila-i rahmga eng haqdor qarindoshlar haqida to‘liqroq ma’lumot bersangiz. Javob uchun oldindan rahmat.
Va alaykum assalom. Dinimizda silai rahm vojib amal bo‘lib, u faqat ota tomon qarindoshlari bilan chegaranlanmaydi. Qarindoshlik ota va ona tomondan bo‘lgan barcha qon-qarindoshlarni o‘z ichiga oladi. Bunga siz sanagan amma va xola ham, ularning farzandlari ham kiradi. Albatta, qarindoshlarning haqqi ularning yaqinligiga qarab belgilanadi. Eng haqdorlar ota-ona, farzandlar, aka-uka va opa-singillardir. Ulardan keyingi o‘rinda amaki-tog‘alar va amma-xolalar kabi mahram bo‘lgan qarindoshlar turadi. Aynan mana shu toifadagi qarindoshlar bilan aloqani uzgan odam silai rahmni uzgan bo‘lib, gunohkor bo‘ladi.
Ammavachcha, xolavachcha va amakivachchalar esa nomahram qarindoshlar hisoblansa-da, ular ham qarindoshdir. Garchi ularga bo‘lgan silai rahmning vojiblik darajasi mahramlarnikidan pastroq bo‘lsa-da, ular bilan ham aloqani yaxshilash, holidan xabar olish, lutfu mehribonlik ko‘rsatish silai rahmning talabidir. Shunday ekan, qarindoshingizning "bular bilan shart emas" degan fikri noto‘g‘ri. U ham ona, ham ota tomon qarindoshlari bilan imkon qadar aloqani tiklashi lozim. Vallohu a’lam.