Yoʻlda ketayotganda orqadagi moshina signal chalib sizni qoʻrqitib yuborsa keyin oʻsha odamni Allohga solib qoʻysa u qargʻish oʻtadimi
"Allohga solish" deganda to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarg‘ish emas, balki ishni Alloh taoloning adolatiga havola qilish nazarda tutiladi. Agar haydovchi jiddiy zaruratsiz, masalan, xavfni oldini olishdan tashqari holatda signal chalib, sizni qo‘rqitgan va ozor bergan bo‘lsa, u mo‘minga ozor bergani uchun gunohkor bo‘ladi. Bu holatda siz mazlum hisoblanasiz va mazlumning duosi ijobatdir. Biroq, Alloh taolo adolatli Zotdir. Agar o‘sha haydovchi haqiqatan nohaq bo‘lsagina, bu ishi uchun javob beradi, aks holda sizning gapingiz unga zarar yetkazmaydi.
Shu bilan birga, bunday vaziyatlarda badduo qilish o‘rniga kechirimli bo‘lish afzalroqdir, zero Alloh taolo: «...g‘azabini yutadiganlar va odamlarni afv qiladiganlardir. Alloh yaxshilik qiluvchilarni yoqtiradir» (Oli Imron surasi, 134-oyat) deya marhamat qilgan. G‘azabni yutib, kechirib yuborish va o‘sha inson haqqiga duoi xayr qilish mo‘min uchun yuksak axloq namunasidir.