Har bir namozdan keyin shukur sajdasini qilish bid’at emasmi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Imom Molikdan boshqa hamma ulamolar «Bir ne’mat hosil bo‘lganda yoki balo-ofat daf bo‘lganda, shukr sajdasi qilish sunnatdir», deganlar. Jabroil alayhissalom kim Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga bitta salovot aytsa, Alloh o‘sha odamga o‘n salovot aytishini xabar qilganlarida u zot shukr sajdasi qilganlar. Birinchi xalifa Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu Islomning ashaddiy dushmani – Musaylamatul Kazzobning qatl etilganligi haqida xabar kelganda shukr sajdasi qilganlar. Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu Zul Sadyayni degan odamning xavorijlar ichida o‘lib yotganini ko‘rganlaridan keyin shukr sajdasi qilganlar. Chunki u kishi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan «Urush qilgan ikki musulmon toifadan qaysi birining ichida Zul Sadyayni bo‘lsa, o‘sha toifa zalolatda bo‘ladi» degan ma’nodagi hadisni eshitgan edilar. SHuning uchun xavorijlar bilan bo‘lgan urushdan keyin hazrati Ali o‘liklar ichidan o‘sha odamni izlashni buyurganlar. Hamma o‘liklarni birma-bir qarab chiqishgan. Oxirgi o‘likni ham ag‘darib qaraganlarida uning tagidan Zul Sadyaynining jasadi chiqqan. Hazrati Ali o‘z dushmanlari – xavorijlar adashgan toifa ekanligiga ishonch hosil qilganlaridan keyin shukr sajdasi qilganlar.(“Hadis va Hayot” kitobidan).
Abu Bakra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam bir xursandchilik ish yoki suyunchilik xabar kelsa, Allohga shukr qilib sajdaga yiqilar edilar» Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilgan.
Lekin shukr sajdasini har namozdan keyingi odat qilib olish yoki unga targ‘ib qilish shariatimizda yo‘q. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.