Men shukri vuzu’ namozini har tahoratdan keyin o‘qimoqchiman. Farz namozlaridan oldin o‘qiyman, shu to‘g‘rimi? Tartibini o‘rgating.
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Shukri vuzu’ (tahorat shukri) namozi nafl namozlardan hisoblanadi. Bu namozning fazilati borasida bir qancha hadislar vorid bo‘lgan. Jumladan Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam marhamat qilganlar:
ما من أحدٍ يتوضَّأُ فيُحسنُ الوضوءَ، ويُصلِّي رَكعتينِ، يُقبِلُ بقلبِه ووجهِه عليهما، إلَّا وجبتْ له الجَنَّةُ (رواه الإمام أبو داود عن عُقبةَ بنِ عامرٍ الجُهنيِّ رَضِيَ اللهُ عنه)
“Qaysi bir kishi yaxshilab tahorat qilsayu, qalbi va yuzi ila yuzlanib ikki rakat namoz o‘qisa, albatta unga jannat vojib bo‘ladi”, dedilar” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Hadisi sharifda aytilganidek tahoratdan so‘ng ikki rakat namoz o‘qib olish fazilatli amal sanaladi. Ammo bu namoz nafl bo‘lgani uchun quyidagi vaqtlarda o‘qib bo‘lmaydi. 1.Tong otgandan to quyosh bir nayza ko‘tarilguncha 2. Quyosh tikkaga kelgandan to zavolga oqquncha. 3. Asr namozidan to shom namozini o‘qib bo‘lguncha. 4. Imom xutba o‘qish uchun minbarga chiqqan vaqtda (imom qanday xutbaga chiqqan bo‘lsa ham). 5. Muazzin farz namoziga takbir aytayotganda. 6. Masjidda hayit namozidan oldin ham, keyin ham nafl makruhdir. 7. Farz namozlaridan birining vaqti tor bo‘lib qolsa. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.