SHUKR SAJDASI HAQIDA

ID: 43

04.04.2025

69

Savol:

Ijtimoiy tarmoqlarda Shukr sajdasi va uni har namozdan keyin qilish haqida o‘qib qoldim. Shu mavzuga munosabat bildirsangiz?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda "Shukr sajdasining fazilati" deb nomlangan bir xabar keng tarqalmoqda va bu xabarga to‘qima rivoyatni dalil qilinmoqda.  Alloh taolo va farishtalar o‘rtasidagi suhbat shaklida keltirilgan ushbu to‘qima rivoyat e’tiborli hadis kitoblaridan birortasida uchramaydi.  Bunday ma’lumotlarni kishi o‘z fikridan kelib chiqib taratishi uning johilligini bildirib, gunohkorlikka sabab bo‘ladi. 

Ko‘pchilik ulamolar, biror ne’mat hosil bo‘lganda yoki balo-ofat daf bo‘lganda, shukr sajdasi qilish sunnatdir, deganlar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu va Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhular katta xushxabar eshitganlarida shukr sajdasi qilganlari rivoyat qilingan. 

Bu haqida Abu Bakra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam bir xursandchilik ish bo‘lsa yoki xushxabar kelsa, Allohga shukr qilib sajda qilar edilar” (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyatlari).

Yana o‘sha to‘qima xabarda shukr sajdasini har namozdan keyin qilishni targ‘ib qilgan. Vaholanki bu ishning makruhligi haqida “Raddul muhtor kitobi”da shunday deyiladi:

وَسَجْدَةُ الشُّكْرِ : مُسْتَحَبَّةٌ بِهِ يُفْتَى لَكِنَّهَا تُكْرَهُ بَعْدَ الصَّلَاةِ لِأَنَّ الْجَهَلَةَ يَعْتَقِدُونَهَا سُنَّةً أَوْ وَاجِبَةً وَكُلُّ مُبَاحٍ يُؤَدِّي إلَيْهِ فَمَكْرُوه

Shukr sajdasi mustahabdir va shunga fatvo berilgan.

Lekin namozdan keyin sajdai shukr qilish makruh, chunki bilmaydigan odamlar uni sunnat yoki vojib deb, e’tiqod qilib qoladilar. Har bir noto‘g‘ri e’tiqodga olib boruvchi muboh ish — makruhdir. (“Raddul muhtor” kitobi). Shukr sajdasida ham tahorat va qiblaga yuzlanish shart bo‘ladi.

Xulosa shuki, diniy asosga ega bo‘lmagan ma’lumotlarni tarqatish, tarqatishga targ‘ib etish va bunga ko‘maklashish mutlaqo joiz emas. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar