SHU NAMOZNING QAZOSINI O‘QIYDIMI?

ID: 407

04.04.2025

45

Savol:

Bir namoz vaqtining oxirida ayol kishining hayz qoni to‘xtasa, shu namozning qazosini o‘qiydimi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Hanafiy mazhabimizda namoz vaqtining oxiriga qarab hukm chiqariladi. Ya’ni, agar ayol kishi namoz vaqtining oxirida hayz qonidan pok bo‘lsa, unga o‘sha namoz va undan keyingi namozlarni o‘qish farz bo‘ladi. Masalan, Peshin namozining vaqti tugashidan yarim soat oldin ayol kishini hayz qoni to‘xtasa, g‘usl qilib, Peshin namozidan boshlab namoz o‘qishga kirishadi.

Ulamolarimiz bu masalani yanada aniqlashtirib, shunday deganlar: “Agar hayzning eng ko‘p muddati bo‘lmish 10 kunda qon to‘xtasa va namoz vaqti tugashiga andak (masalan, 2-3 daqiqa) vaqt qolgan bo‘lsa ham o‘sha namozni o‘qish ayol kishiga farz bo‘ladi. Ya’ni, ayol kishi zudlik bilan g‘usl qiladi va ushbu namozni vaqti tugagan bo‘lsa shu namozni qazosini o‘qiydi. Agar vaqti hali tugamagan bo‘lsa shu namozni o‘qiydi.

Agar hayzni eng ko‘p muddatidan kamrog‘ida hayz qoni to‘xtasa, ya’ni hayz qoni ayol kishini odati bo‘yicha 10 kunga yetmasdan to‘xtasa va namoz vaqti tugashiga g‘usl qilish va takbiri tahrima (“Allohu akbar”) kalimasini aytadigan vaqt qolgan bo‘lsa, o‘sha namozni o‘qish ayol kishiga farz bo‘ladi. G‘usl qilish va takbiri tahrima aytishga taqriban, 20-25 daqiqa vaqt sarflanadi. Agar bu miqdordan kam vaqt qolsa, o‘sha namozni o‘qish farz bo‘lmaydi.

Bu haqida “Majmaul anhur” kitobida bunday deyilgan:

الْمُعْتَبَرُ آخِرُ الْوَقْتِ عِنْدَنَا فَإِذَا حَاضَتْ فِي آخِرِ الْوَقْتِ سَقَطَتْ ، وَإِنْ طَهُرَتْ فِيهِ وَجَبَتْ فَإِذَا كَانَتْ طَهَارَتُهَا لِعَشَرَةٍ وَجَبَتْ الصَّلَاةُ وَإِنْ كَانَ الْبَاقِي لَمْحَةً ، وَإِنْ كَانَتْ لِأَقَلَّ مِنْهَا وَذَلِكَ عَادَتُهَا فَإِنْ كَانَ الْبَاقِي مِنْ الْوَقْتِ مِقْدَارَ مَا يَسَعُ الْغُسْلَ ، وَالتَّحْرِيمَةَ وَجَبَتْ وَإِلَّا فَلَا

ya’ni: “Hanafiy mazhabimizda namozning oxirgi vaqti e’tiborlidir. Agar ayol kishi namoz vaqtining oxirida hayz ko‘rib qolsa, shu namozni o‘qimaydi. Agar hayz ko‘rayotgan ayol namozning oxirgi vaqtida pok bo‘lsa, unga o‘sha namozning o‘qish farz bo‘ladi. Demak, ayol kishi 10 kun hayz ko‘rib, namoz vaqti tugashiga bir lahza qolganda pok bo‘lsa, o‘sha namozni o‘qish farz bo‘ladi. Agar ayol kishi o‘zini odati bo‘yicha 10 kundan kam muddatda hayz ko‘rib, namoz vaqti tugashiga g‘usl qilish va takbiri tahrima aytish miqdoricha vaqt qolganda pok bo‘lsa, o‘sha namozni o‘qishi farz bo‘ladi. Agar g‘usl qilish va takbiri tahrima aytish miqdoricha vaqt qolmaganda pok bo‘lsa, unga o‘sha namozni o‘qishi farz bo‘lmaydi”. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar