Payg‘ambarmiz jonivorlarga ozor bermaganliklarini bilardim. ammo bir tanishim Payg‘ambarimiz eshshakka 40 darra urganliklari haqida hadis borligini aytmoqda. Shu hadis qanchalik to‘g‘ri?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Rasuli Akram alayhissalom eshakka qirq darra urdirganlari haqidagi gap yolg‘on va Payg‘ambarimiz haqlariga tuhmatdir. U Zot olamlarga rahmat etib yuborilganlar. Shu jumladan hayvonot olamiga ham mislsiz mehribon va shafqatli bo‘lganlar.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam payg‘ambar etib yuborilgan davr insoniyat aqlini qamragan johiliyat zamoni edi. Odamlar hayvonlarga qiymatsiz, his-tuyg‘usiz maxluqlar deb qarashardi. Lekin Nabiy sollallohu alayhi vasallam mo‘minlarni o‘sha hayvonlarga e’tiborli bo‘lishga chaqirdilar, shunga buyurdilar. U Zot hayvonlarga aziyat berish, ularga og‘ir yuklarni yuklash, toqati ko‘tara olmaydigan ishlar bilan qiynashdan qaytarganlar. Payg‘ambarimiz alayhissalom qorni beli bilan birlashib ketay degan, ya’ni ochlikdan ozib ketgan bir tuya oldidan o‘tayotib: “Bu gapira olmaydigan chorvalar borasida Alloh taolodan qo‘rqinglar! Ularni (minmoqchi bo‘lsangiz) minishga yaraydigan, yurishga quvvati yetadigan holida mininglar, agar yemoqchi bo‘lsangizlar, semiz, sog‘ holida yenglar”, deganlar. (Imom Abu Dovud rivoyati).
SHuningdek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayvonlarni bir-biriga gijgijlatib urishtirishdan, qushlarning bolasiga biror zarar berishdan, hayvonlarni va jonivorlarni (o‘q otishga) mo‘ljal qilinadigan nishon qilib olishdan qaytarardilar.
Tadqiqotchi Frantsiska de Shatel o‘zining “Muhammad alayhissalom tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha yetakchidir” nomli kitobida shunday deydi: “Muhammad sollallohu alayhi vasallam yerdan va suvdan to‘g‘ri foydalanishga barchani chorlab kelgan kuchli da’vatchilardan biri edilar. Shuningdek, hayvonlar, o‘simliklar va qushlar bilan chiroyli muomala qilishga ham barchani chaqirgan kishidirlar. Hatto ba’zi hadislaridagi fikrlar atrof-muhit masalalari bo‘yicha bugungi kunda ham dolzarbdir”. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.