Biz tomonda ko‘p yoshi kattalarimiz shom namozidan so‘ng turib ikki rakat "Tuhfai Rasul" namozi o‘qib Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga bag‘ishlaydilar. Shunday qilish joizmi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Oyat va hadislar va mashhur fiqhiy manbalarda shom namozidan aynan “tuhfai rasul” namozi o‘qilishi borasida hech qanday ma’lumot kelmagan va bu namoz vojib, sunnat yoki mustahab namoz emas. Ammo hadislarda shom namozidan keyin o‘qiladigan “Avvobiyn” namozi haqida ma’lumotlar kelgan. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida bu namoz aynan shunday nom ila zikr qilingan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ صَلَّى بَعْدَ الْمَغْرِبِ سِتَّ رَكَعَاتٍ لَمْ يَتَكَلَّمْ فِيمَا بَيْنَهُنَّ بِسُوءٍ عَدَلْنَ لَهُ بِعِبَادَةِ ثِنْتَيْ عَشْرَةَ سَنَةً. وَفِي رِوَايَةٍ: مَنْ صَلَّى بَعْدَ الْمَغْرِبِ عِشْرِينَ رَكْعَةً بَنَى اللهُ لَهُ بَيْتًا فِي الْجَنَّةِ. رَوَاهُمَا التِّرْمِذِيُّ
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Shomdan keyin olti rak’at namoz o‘qib, ularning orasida yomon gap gapirmagan bo‘lsa, bu uning uchun o‘n ikki yillik ibodatga teng bo‘ladi”, dedilar. Boshqa bir rivoyatda: “Kim Shomdan keyin yigirma rak’at namoz o‘qisa, Alloh uning uchun jannatda bir uy bino qilur”, – deyilgan. Imom Termiziy rivoyat qilgan.
Hadis, fiqh va tasavvuf manbalarning aksariyatida shomdan keyin umumiy ma’noda nafl o‘qish mumkinligi, xossatan, “Avvobiyn” namozini o‘qish mustahab ekani qayd qilingan.
Ammo shunday bo‘lsada salafi solihlar savobli amallar qilib, uni biror nom bilan nomlamasdan savobini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga bag‘ishlaganliklari haqida ma’lumotlar kelgan.
Jumladan, Ibn Umar roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin u zotga bag‘ishlab umra amalini ado qilganlar. Junayd Bag‘dodiy rahimahullohning zamondoshi Ibn al-Muvaffaq rahimahulloh esa yetmishta Haj qilib, uning savobini aynan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bag‘ishlaganlar. Ibn as-Siroj rahimahulloh esa o‘n ming marta Qur’onni xatm qilib, savobini aynan Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga bag‘ishlaganlar, ul zoti sharifga savobini atab juda ko‘p miqdorda qurbonlik qilganlar. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.