SHOM NAMOZI TEZ O‘QILIB TASBEHLAR AYTILMAYDIMI?

ID: 350

04.04.2025

21

Savol:

Shom namozi boshqa namozlarga nisbatan tez o‘qilib tasbeh aytilmas ekan. Bu fikr qanchalik to‘g‘ri?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Shom namozining vaqti boshqa namozlarning vaqtiga nisbatan qisqaroq bo‘lgani sababli uni vaqti kirishi bilan ado qilishga targ‘ib qilinadi. Bu haqida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

لا تَزالُ أمَّتي بخيرٍ ، ما لم يؤخِّروا المغربَ إلى أن تشتبِكَ النُّجومُ (رواه الإمام أبو داود عن عقبة بن عامرٍ)

ya’ni: "Ummatim modomiki, shom namozini yulduzlar chiqqunicha kechiktirmasdan o‘qisalar, yaxshilikda bardavom bo‘ladilar" (Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Lekin bundan Shom namozini boshlagan kishi shoshilib o‘qishi kerakligi tushunilmaydi. Balki boshqa namozlar singari namozni xushu va xuzu bilan o‘qiladi. Shuningdek, Shom namozida ham boshqa namozlar kabi "Oyatal kursi" va 33 martadan tasbehlar aytish mustahab amal sanaladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar