SHOM AZONIDAN KEYIN NAFL NAMOZ O‘QILADIMI?

ID: 335

04.04.2025

22

Savol:

Payg‘ambarimiz alayhissalom hadisi muboraklarida: “Azon bilan takbirning orasida ikki rakat namoz bor”, degan hadislari bizning Hanafiy mazhabimizda qanday amalga oshiriladi? Biz tomonlarda ba’zi bir masjidda shom namoziga azon aytilganidan so‘ng takbir aytmasdan ikki rakat namoz o‘qib, so‘ngra takbir aytib shom namozini farzini o‘qiyapti?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Haqiqatan ham, Payg‘ambarimiz alayhissalomdan:

بين كل أذانين صلاة - ثلاثا - لمن شاء

“Har bir ikki azon (ya’ni, azon va takbir) o‘rtasida namoz bordir”, deb uch marta aytganlari va oxirgisida, “Xohlagan kishi uchun”, deb qo‘yganlari rivoyat qilingan (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Lekin doim takrorlaganimiz kabi hadisi shariflarni saralash, ulardan hukm olish mujtahid (mazhabboshilar kabi zot)larning ishidir. Mujtahidlik darajasiga yetmagan kishilar esa hadislardan hukm olishda mujtahid olimlarga ergashishi vojibdir. Chunki mujtahidlar bir qarashda bir-biriga zid ko‘ringan hadisi shariflarni jamlash va ularga amal qilishda har qanaqasiga keyingi kelganlardan peshqadam hisoblanadilar. Shu sababli ham ularning hadisi shariflarga amal qilishlari mukammalroq hisoblanadi.

Albatta, hanafiy mazhabi ulamolari bu hadisga amal qilganlar va shomdan boshqa hamma namozlarda azon va takbir o‘rtasida nafl namozlar o‘qish mustahab, deganlar. Bomdod va peshinning azonidan keyin takbirgacha ta’kidlangan sunnat namozlari o‘qiladi. Asr va xufton namozlarining azoni va takbiri o‘rtasida  nafl namoz o‘qish mustahabdir.

Shom namoziga kelsak, uni tezlashtirishga buyurilgan hadislarga binoan, uning azoni va takbiri o‘rtasida namoz o‘qilmaydi. SHomning azoni va takbiri o‘rtasini uch qisqa oyat o‘qiydigan vaqt miqdorida kutib turish bilan ajratiladi. Abu Ayyub al-Ansoriy raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda: “Payg‘ambarimiz alayhissalom aytdilar: “Ummatlarim, modomiki shom namozini yulduzlar chiqib ketguncha kechiktirmasa, doim yaxshilikda bo‘ladilar”, deyiladi. Shomning azoni bilan takbiri o‘rtasini (nafl) namoz bilan bo‘lish shomning farzini kechiktirish hisoblanadi (“Badoi’us-sanoi’” kitobi).

Ulug‘ mujtahidlar Imom Abu Hanifa, Imom Abu YUsuf va Imom Muhammadlar (rahimahumulloh)dan birortalari shomdan avval nafl namozi o‘qiladi, demaganlar.

Shuning uchun hanafiy mazhabining mo‘’tabar fiqhiy manbalari: “Mabsut”, “Hidoya” “Badoi’”, “Inoya”, “Fathul qadir”, “Kanzud-daqoiq”, “Al-Muxtor lil-fatvo”, “Bahrur-roiq”, “Ixtiyor”, “Muxtasar”, “Fathu bobil inoya”, “Durrul muxtor”, “Raddul muhtor” va boshqa kitoblarda besh vaqt namozning azoni va takbiri o‘rtasida biroz muddat o‘tirish borligi, faqat shom azonidan keyin o‘tirish yo‘qligi, balki qisqa uch oyat miqdori o‘tguncha kutib, keyin takbir aytilishi bayon qilingan.

Mazhabimizning zabardast olimlaridan biri, mujtahidlik darajasiga yetgan Imom Tahoviy rahimahulloh hadisning zohiriga qaraladigan bo‘lsa (ya’ni, hadisi sharifda azon va takbir deyilmagan, balki ikki azon deyilgan), har ikki azon  o‘rtasida albatta, namoz bo‘lishini aytib, shomdan avval nafl o‘qilmasada, bu hadisga amal qilingan bo‘ladi, deydilar (Chunki ikki azon: shom va xufton azoni o‘rtasida albatta, farz va nafl namozlar bor). Keyin sahoba va tobe’inlar ichida ham bu hadisi sharifga amal qilish turlicha bo‘lgani haqidagi rivoyatlarni keltirganlar (“Sharhu maonil osor” kitobi).

Imom Navaviy “Al-Majmu’ sharhul muhazzab” kitobida Shofe’iy mazhabini bayon qilib, besh vaqt namozda azon va takbir o‘rtasini jamoat yig‘ilgudek vaqt o‘tirish bilan ajratilishi, lekin vaqt ziq bo‘lgani uchun shomda bunday qilinmasligini aytganlar.

Payg‘ambarimiz alayhissalomning so‘zlari boshimiz tojidir. Lekin hadisi shariflarga mukammal amal qilish ma’lum bir hadisni bilib, uning zohiriy hukmiga amal qilish bilan bo‘lmaydi. Balki u kishi bir mavzudagi hamma hadislarni jamlay olishi, hadisning aytilish sababini bilishi, ularni sahih va sahih bo‘lmaganlarini, nosix va mansuxlarini, umumiy va xos hamda boshqa jihatlarni saralay bilishi va ulardan hukm olish uchun esa ijtihod darajasiga yetgan bo‘lishi kerak. Ijtihod darajasiga yetmagan bo‘lsa, ishni o‘z ustalariga qo‘yib bersin, odamlarni to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itmasin. Zero mujtahid ulamolarimiz hadislarni bilish, tushunish va hukm olishda boshqalardan ustundir. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar