SHERIKLARNING ROZILIGISIZ BERIB YUBORISH

ID: 4040

08.11.2025

34

Savol:

Assalomu alaykum. Men talabaman, kvartirada turaman. Kvartirada 21 ta bola guruhlarga bo‘linib turamiz, ya’ni 4-5 kishi bir bo‘lib oziq-ovqat sotib olamiz. Ba’zida boshqa guruhdagilar kelib, mendan yog‘, kartoshka kabi narsalar so‘rab kelishadi, shunda men ularga sheriklarimning roziligisiz berib yuboraman. Sheriklarim ham shunday qilishadi. Shu ishimizda bir-birimizning haqqimizga xiyonat qilgan bo‘lmaymizmi? Biz ham ba’zida qolgan guruhlardan narsa so‘rab borsak, guruhida 5 kishi bo‘lsa, bittasidan so‘rab olaveramiz. Bu bilan u rozi bo‘lsa-yu, qolganlari ichidan norozi bo‘lib, lekin bildirmasa, biz harom yegan bo‘lib qolmaymizmi? Javob uchun oldindan tashakkur. Alloh xizmatlaringizdan rozi bo‘lsin.

Javob:

Vaalaykum assalom. Fiqhga ko‘ra, bu masala urfga asoslanadi. Agar talabalar o‘rtasida bir-biriga oz miqdorda yegulik berib turish odatiy hol bo‘lsa va sheriklaringiz bunga qarshilik qilmasligi aniq bo‘lsa, bu xiyonat yoki harom hisoblanmaydi.

Ammo, sheriklardan birortasining ichida norozi bo‘lishiga gumoningiz bo‘lsa yoki bu narsa umumiy mulkning katta qismini tashkil etsa, unda ruxsatsiz berish mumkin emas.

Eng afzali bu masalani sheriklar bilan ochiqchasiga kelishib olishdir. Toki hech kimning haqqiga xiyonat bo‘lmasin. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar