SHERIKCHILIKDA HAR OY FOYDANI TAQSIMLASH MUMKINMI?

ID: 884

04.04.2025

121

Savol:

Sherikchilikda bir do‘stim bilan ish boshladim, sherigim men qilayotgan biznesga pulini tikdi, foydani teng sheriklikka kelishdik, har oyda foydaning pulini olib tursa bo‘ladimi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Muzorabada foydani bo‘lib olish muddati ish turiga bog‘liq. Savdo-sotiq bo‘lsa, olingan narsa to‘liq sotilgandan keyin hisob-kitob qilinadi. Agar dehqonchilik kabi ishlar bo‘lsa, hosil olingandan keyin foydani bo‘lib olinadi. Lekin avval dastlabki sarmoyani o‘z o‘rniga qo‘yib, keyin sof foydani kelishilgan nisbatda bo‘lib olinadi.

Sizlarning shartnomangiz “Muzoraba” shartnomasi bo‘lib, buning bayoni fiqh kitoblarida quyidagicha keltiriladi:

هي عقد شركة فى الربح بمال من رجل و عمل من الاخر

ya’ni: “Muzoraba bir kishidan mol va boshqasidan ish o‘laroq foydada sherikchilik bitimidir" ("Ixtisorur rivoya" kitobi).

Muzorabada dastmoya bir tomondan xizmat ikkinchi tomondan bo‘ladi. Molning egasi ishchi bilan kelishib, molni unga beradi. Tushgan foyda kelishuvga asosan muayyan bir miqdorda emas, balki foiz hisobida taqsimlanadi. Masalan: “Foydaning yarmi meniki yarmi seniki yoki uchdan biri meniki uchdan ikkisi seniki va hokazo. Agar zarar bo‘lsa, muzoraba shartnomasida mol egasi puliga, ishchi esa qilgan mehnatiga kuyadi.

Muzorabada ikki tomondan biri uchun muayyan summa ta’yin qilinsa, muzoraba buziladi. Masalan, foydadan menga  yuz dirham berasan, qolgani senga desa muzoraba durust bo‘lmaydi. ("Al-muxtasar fil fiqhil hanafiy" kitobi) Chunki, bunda ikki tomondan biriga zarar bo‘lib qolishini ehtimoli katta.

Shuningdek, muzorabada pul beruvchi: “Senga qancha pul bergan bo‘lsam, nima bo‘lgan taqdirda ham shu pulimni to‘liq qaytarasan”, – desa ham, muzoraba buziladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar