Biron talabaning shartnomasini to‘lab qo‘yish bilan zakot ado bo‘ladimi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Agar talaba zakot beruvchiga "qarzimni to‘lab bering" deb aytgan bo‘lsa zakot ado bo‘ladi. Agar buni aytmagan yoki buyurmagan bo‘lsa zakot ado topmaydi. Chunki ushbu holatda zakotning asosiy sharti bo‘lmish "tamlik" — mulk qilib berish topilmaydi. "Fatavoi hindiya" kitobida bu haqda shunday deyilgan:
وَلَوْ قَضَى دَيْنَ الْفَقِيرِ بِزَكَاةِ مَالِهِ إنْ كَانَ بِأَمْرِهِ يَجُوزُ ، وَإِنْ كَانَ بِغَيْرِ أَمْرِهِ لَا يَجُوزُ وَسَقَطَ الدَّيْنُ
"Agar faqirning qarzini o‘zining molini zakotidan ado etib qo‘ysa, agar bu faqirning buyrug‘i (iltimos ham kiradi) bilan bo‘lsa joiz bo‘ladi. Agar uning buyrug‘isiz bo‘lsa joiz emas. Lekin qarz soqit bo‘ladi".
Ado topilishi aytilgan ko‘rinishda kambag‘alning buyrug‘i uni hukman vakilga aylantiradi va kambag‘al zakotni o‘zi olib haqdorga to‘lagan deb e’tiborga olinadi.
Xulosa qilib aytganda, zakot ado topishi uchun zakot beruvchi kishining o‘zi yoki shartnoma uchun zakotlarni qabul qilib oluvchi mas’ul kishi to‘lovni amalga oshirishdan oldin talabani xabardor qilib uning umumiy ruxsatini olinishi kerak. Ushbu ruxsat talabaning yuqoridagi fiqhiy kitoblarimizda kelgan buyrug‘i sifatida qabul qilinadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.