AYOL KISHI G‘USLDA BOSHINI YUVADIMI YOKI MASH TORTADIMI?

ID: 956

04.04.2025

1501

Savol:

Yaqinda eshitib qoldim, jinsiy aloqadan oldin xotin kishining sochlari o‘rilgan bo‘lsa, g‘usl qilayotganda boshini o‘rtasiga mash tortsa bo‘ldi, deyishdi, shu to‘g‘rimi? Agar noto‘g‘ri bo‘lsa, qoidasini tushuntirib berishingizni so‘rayman.

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Jinsiy aloqadan avval xotin kishining sochi o‘rilgan va uni g‘usldan avval yoyish mashaqqat bo‘lsa, sochning osti (ya’ni, bosh terisi)ni to‘liq yuvadi. Osilib turgan sochni yuvish shart bo‘lmaydi. Lekin jinsiy aloqadan avval sochi o‘rilmagan bo‘lsa, g‘usl paytida sochini hamma joyini yuvadi. Har bir soch tolasiga suv yetkazadi, aks holda g‘usli durust bo‘lmaydi. Aloqadan avval o‘rilmagan sochni aloqadan keyin o‘rib olsa ham, baribir sochning hamma joyini yuvadi.

Ummu Salama onamiz raziyallohu anho Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan so‘radilar:

يا رسول الله إني امرأة أشد ضفر رأسي فأنقضه لغسل الجنابة ؟ قال لا إنما يكفيك أن تحثي على رأسك ثلاث حثيات ثم تفيضين عليك الماء فتطهرين 

Ya’ni: “Ey, Allohning Rasuli! Men sochimni mahkam qilib o‘raman, janobatdan g‘usl qilish uchun sochimni yoyamanmi?” Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Yo‘q, sochingizni yoymaysiz. Boshingizga uch hovuch suvni qo‘yib, so‘ngra ustingizdan suv qo‘yib poklanishingiz yetarli bo‘ladi” – deb javob berdilar" (Imom Muslim rivoyatlari).

Janobatdan poklanmoqchi bo‘lgan ayol g‘uslda boshiga mash tortib qo‘yishi mumkin emas. Balki jinsiy aloqadan avval sochi o‘rilgan bo‘lsa, sochining osti (ya’ni, bosh terisi)ni yuvish va butun badanga suv yetkazish kifoya qiladi, osilib turgan sochni yuvish shart emas. Chunki o‘rilgan sochni yoyish mashaqqat tug‘diradi (“Bahrur roiq”, “Tabyinul haqoiq” va “Fathu babil inaya” kitoblari).

Demak, jinsiy aloqadan avval o‘rilmagan sochlar esa g‘uslda to‘liq yuviladi.

Eslatib o‘tish kerakki, yuqoridagi masala osongina o‘rilib, osongina yechiladigan sochlarga tegishli emas. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Ummu Salama onamizga bergan ruxsatlari sochlarini o‘rish ham, yoyish ham yetarlicha mashaqqat bo‘ladigan ayollarga tegishli. Chunki ulamolarimiz bu ruxsatning illat (sabab)i xaraj (qiyinchilik) ekanini ta’kidlaganlar. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar