SHAROIT BO‘LMASA TAYAMMUM QILIB IMOMLIKKA O‘TSA BO‘LADIMI?

ID: 372

04.04.2025

17

Savol:

Qur’on o‘qiydigan kishi junub bo‘lib g‘usl qilishga sharoiti bo‘lmasa tayammum qilib namoz o‘qiganda imomlikka o‘tsa bo‘ladimi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Agar shar’iy hukmlarga ko‘ra tayammum qilishga haqli bo‘lgan kishi jamoatda bo‘lsa va bundan boshqa imomlikka haqliroq odam topilmasa, bu kishini imom bo‘lishi va boshqalar bunga iqtido qilishi joiz. Bu haqida Muxtasarul viqoya kitobida shunday deyiladi:

و يقتدي المتوضىء بالمتيمم والغاسل بالماسح والقائم بالقاعد والموميء بالموميء والمتنفل بالمفترض

“Toharatli tayammumliga, yuvgan mash tortganga, tik turgan o‘tirganga, imo qiluvchi imo qiluvchiga va nafl o‘quvchi farz o‘quvchiga iqtido qiladi”.

ذهب جمهور أهل العلم – منهم الأئمة الأربعة – إلى جواز إمامة المتوضئ للمتيمم والمتيمم للمتوضئ؛ لأن المتيمم طهارته صحيحة وله أن يؤم القوم إذا كان أقرؤهم لكتاب الله أو أعلمهم بالسنة؛ لما روي عن عمرو بن العاص قال: احتلمت في ليلة باردة في غزوة ذات السلاسل فأشفقت إن اغتسلت أن أهلك فتيممت ثم صليت بأصحابي الصبح، فذكروا ذلك للنبي صلى الله عليه وسلم فقال «يَا عَمْرُو صَلَّيْتَ بِأَصْحَابِكَ وَأَنْتَ جُنُبٌ؟» فَأَخْبَرْتُهُ بِالَّذِي مَنَعَنِي مِنَ الِاغْتِسَالِ وَقُلْتُ إِنِّي سَمِعْتُ اللَّهَ يَقُولُ: وَلاَ تَقْتُلُواْ أَنفُسَكُمْ إِنَّ اللَّهَ كَانَ بِكُمْ رَحِيمًا [النساء: 29] فَضَحِكَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم وَلَمْ يَقُلْ شَيْئًا. صحيح أبي داود

Jumhur ulamolar, jumladan to‘rt mazhab imomlari (Imom Abu Hanifa, Imom Shofeiy, Imom Ahmad ibn Hanbal, Imom Molik) ham tahorat qilgan kishiga tayammum qilgan, tayammum qilganga tahorat qilgan kishi iqtido qilishi joiz ekaniga ittifoq qilishgan. Chunki Tayammum ham to‘liq poklanishdir, shunday ekan, shu jamoa ichida Qur’onni eng to‘g‘ri o‘qiydigan, hadislarda bayon qilingan namoz ahkomlarini yaxshiroq biladigan kishi tayammum qilgan bo‘lsa shu kishi jamoaga imomlik qilishi mumkin. Bunga dalil sifatida Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilingan ushbu hadisni keltirish mumkin. U kishi aytadilar: "Zotus salasil g‘azoti payti edi, sovuq kechalarning birida ehtilom bo‘ldim va agar g‘usl qilsam sovuqdan halok bo‘lishimni tushunib tayammum qildim. So‘ng sheriklarimga imom bo‘lib Bomdod namozini o‘qidim. Sheriklarim bu voqeani Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aytganlarida U zot alayhissalom menga: "Ey Amr junub holingizda sheriklaringizga imom bo‘lib namoz o‘qib berdingizmi?" dedilar, men esa g‘usl qilishga mone’lik qilgan holatni aytib "Shuningdek, o‘zlaringizni (bir-biringizni nohaq) o‘ldirmangiz! Albatta, Alloh sizlarga rahm-shafqatlidir." deya Niso surasining 29-oyatini o‘qidim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jilmaydilar va hech narsa demadilar" (Imom Abu Dovud sahih kitoblarida rivoyat qilganlar). Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar