SEMENTGA OLDINDAN PUL BERIB QO‘YISH

ID: 18

04.04.2025

55

Savol:

Bizda uy qurmoqchi bo‘lganlar tsement, shifer, g‘isht sotuvchilar bilan kelishib avvaldan pul berib qo‘yishadi. Masalan, tsementning kilosi 1000 so‘m bo‘lsa, oldindan pul berilayotgani uchun 900 so‘mdan beriladi. Oladigan vaqt kelganda narx 1200 so‘m bo‘lishi mumkin. SHunday kelishish mumkinmi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Siz aytgan kelishuv “Salam” savdosi deyiladi va bu durust savdo hisoblanadi. Ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

قَدِمَ اَلنَّبِيُّ صلى الله عليه وسلم اَلْمَدِينَةَ، وَهُمْ يُسْلِفُونَ فِي اَلثِّمَارِ اَلسَّنَةَ وَالسَّنَتَيْنِ، فَقَالَ: " مَنْ أَسْلَفَ فِي تَمْرٍ فَلْيُسْلِفْ فِي كَيْلٍ مَعْلُومٍ، وَوَزْنٍ مَعْلُومٍ، إِلَى أَجَلٍ مَعْلُومٍ " (مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ)

“Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida odamlar mevalar uchun bir yil yoki ikki yilga pul olardilar. U zot alayhissalom: “Kim xurmo uchun qarz olsa, ma’lum kayl (o‘lchov idishi)ga, ma’lum og‘irlikka va ma’lum vaqtga olsin”, – dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Salam savdosida rioya qilinishi kerak bo‘lgan bir nechta shartlari bor. Bu savdoda sotilayotgan mahsulot tsement singari kilolab, suv, sut singari litrlab, mato singari metrlab sotiladigan yoki g‘isht, tuxum kabi deyarli bir-biridan farq qilmaydigan mahsulot bo‘lishi kerak. Siz aytgan uchala mahsulot ham bu shartga to‘g‘ri keladi.

Sotilayotgan mahsulot yuqoridagi shartga to‘g‘ri kelgach, unda salam bitimini tuzish uchun quyidagi jihatlari ma’lum bo‘lishi kerak:

  1. Mahsulotning jinsi (masalan, tsement),
  2. Navi (masalan, “falon zavodniki” yoki “Falon markadagi”),
  3. Sifati  (masalan, “oliy”, “o‘rta”, “past”),
  4. Miqdori (kilo, metr, dona yoki hajmi),
  5. Vaqti (salamning eng kam muddati 1 oy). Bu muddatdan kamiga salam savdosini qilib bo‘lmaydi. 
  6. To‘lanadigan pulning miqdori (bitim o‘z kuchida qolishi uchun mahsulot sotmoqchi bo‘lgan odam pulni oldindan olishi kerak),
  7. Mahsulotni tashish xarajatli bo‘lsa, mahsulotni yetkazib berish joyi ma’lum bo‘lishi lozim. (“Fathi bobil inoya”, “Al-Muxtor”kitoblari).

Shuningdek, mahsulot ikki tomon kelishgan vaqtdan boshlab, topshiriladigan kungacha odamlarda yoki bozorlarda mavjud bo‘lishi lozim. Chunki to‘lash muddati kelganda sotuvchi uni topib bera olishi kerak. 

وَلَا يَجُوزُ السَّلَمُ حَتَّى يَكُون الْمُسْلَمُ فِيهِ مَوْجُودًا مِنْ حِينِ الْعَقْدِ إلَى حِينِ الْمَحِلِّ

“Salam savdosi Muslam fih(sotib olinayotgan mahsulot) kelishuv vaqtidan boshlab, topshirish muddatigacha mavjud bo‘lsagina joiz bo‘ladi”. (“Javharatun nayyira”). 

Siz aytgan holatda ikki tomon mazkur shartlarga rioya qilib, kelishuvga erishsalar, qilgan savdolari shar’an to‘g‘ri bo‘lgan hisoblanadi. Bu holatda kelishilgan narx o‘z kuchida qoladi. Narxning tushib ketishi yoki oshib ketishi bu kelishuvga ta’sir qilmaydi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar