FOSIQ ODAMGA NAMOZDA IQTIDO QILSA BO‘LADIMI?

ID: 874

04.04.2025

15

Savol:

Harom kasb qilib pul topayotganlar bor hayotda. Lekin ularni ichida ham namoz o‘qiydiganlari bor. Shu odamlar imomlikka o‘tib qolsa, ortida namoz o‘qish joizmi yoki o‘qimasdan alohida o‘qish kerakmi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Ahli sunna val-jamo’a etiqodiga ko‘ra solih yoki fojir bo‘lishidan qat’iy nazar har qanday imomning ortida namoz o‘qishni joiz deb e’tiqod qilinadi. Imom Abu Ja’far at-Tahoviy rahimahulloh shunday deydilar:

ونرى الصلاة خلف كل بر وفاجر من أهل القبلة ونصلي على من مات منهم

ya’ni: “Ahli qibla (ya’ni, musulmon) bo‘lgan yaxshi va yomon kishilarning ortidan namoz o‘qishni joiz deb bilamiz. Ularning har biriga janoza o‘qiymiz” (“Al-Aqidatut-tahoviya” kitobi).

Bid’at va ochiq-oydin gunoh qilishi ma’lum bo‘lmagan kishining ortida namoz o‘qish ulamolar ittifoqi bilan joizdir. Imomning e’tiqodini bilish yoki imomni e’tiqoding qanday deb imtihon qilish, imomga ergashish shartlaridan emas. Kimligi noma’lum kishining ortida ham namoz o‘qilaveradi. Agar fisqi zohir bo‘lgan imom juma va hayit namozlarini o‘qish uchun qo‘yilgan bo‘lib, uning ortida o‘qishdan boshqa iloj bo‘lmasa, salaf va xalaf ulamolar nazdida uning orqasida namoz o‘qishi lozim bo‘ladi. Kim fojir imomning ortida juma va jamoatlarda namoz o‘qimasa, aksar ulamolar nazdida u kishi bid’atchi hisoblanadi. Sahih qavlga ko‘ra o‘qigan namozini qayta o‘qimaydi. Chunki sahobai kiromlar ham fojir imomlar orqasida namoz o‘qir edilar. Lekin namozni qayta o‘qimas edilar. Masalan Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu Hajjoj ibn Yusufning ortida namoz o‘qir edilar. Abdulloh ibn Mas’ud raziyallohu anhu va boshqalar Valid ibn Uqba ibn Abu Mu’aytning orqasida nomoz o‘qir edilar. Holbuki, u katta gunohlardan ba’zisini qilar edi.

Sahih xabarda kelishicha Usmon ibn Affon raziyallohu anhu qamal qilingan paytda odamlarga bir shaxs imomlik qiladi. Shunda bir kishi Usmon raziyallohu anhudan: “Siz ommaning imomisiz, u fitna imomi shundaymi?” – deb so‘radi. Shunda U zot: “Ey, qardoshim! Namoz insonlar qilayotgan amallarning eng yaxshisidir. Agar insonlar yaxshi amal qilsalar, sen ham ular bilan birga qil! Agar yomon amal qilsalar, ulardan saqlan!” – deb javob berganlar. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar