Men internetda rossiyskiy serial saytim bor. Saytda reklama orqali pul topaman. Ichkilik faxsh reklamalarini qo‘ymayman. Magazinlar, kiyimlar, oziq-ovqat reklamalarini qo‘yaman. Shu orqali daromad qilaman, ushbu faoliyat shariatimizga to‘g‘ri keladimi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Agar saytda fahsh suratlar, videolar, Alloh harom qilgan ichkiliklar, tamaki mahsulotlari va inson hayotiga xavf soladigan narsalar reklama qilinmasa, sayt orqali reklama berib, pul topish joiz. Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:
وَتَعَاوَنُوا عَلَى الْبِرِّ وَالتَّقْوَى وَلَا تَعَاوَنُوا عَلَى الْإِثْمِ وَالْعُدْوَانِ وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ شَدِيدُ الْعِقَابِ
ya’ni: «Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilinglar, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmanglar! Allohdan qo‘rqinglar! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir» (Moida surasi, 2-oyat).
Shuni ham eslatib o‘tish lozimki, Shariatimizning ushbu hukmi nafaqat reklamalar e’lon qilishingiz, balki, sayt yuritishdagi faoliyatingizga ham taalluqlidir. Alloh yanada biluvchi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.