SAYT YARATISH MASALASI

ID: 3910

04.11.2025

59

Savol:

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuh. Menga mijozlar tatuirovka ustalariga vizitka sayt yaratib berishimni so‘rayapti. Bu shariatda joizmi? Shu bilan birga hozirda ko‘p veb-sayt yaratuvchilarga tushayotgan shunday turdagi buyurtmalar ham bor: 1) Qimorga o‘xshash o‘yinlarni targ‘ib qiluvchi saytlar; 2) Soxta (feyk) foreks yoki vizitka saytlari — odamlarni aldashga olib kelishi mumkin bo‘lgan saytlar; 3) Hozirda Instagram va ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini tanitish orqali onlayn darslar, vebinarlar o‘tkazib odamlarni aldayotgan ba’zi soxta master-klasschilarga vizitka sayt qilib berish, yoki uni soxtaligini bilmay qilib bergan bo‘lsa. Bunday saytlarni yaratish, dizayn va texnik yordam ko‘rsatish — ularning aldoviga sheriklik qilish va gunohiga ishtirok etish hisoblanadimi? Iltimos, shuni tushuntirib bersangiz. Oldindan rahmat.

Javob:

Va alaykum assalom va rahmatullohi va barokatuh. Islom shariatidagi "gunohga yordam berish ham gunohdir" degan umumiy qoidaga asosan, bunday ishlarni bajarish hukmi farqlanadi.

Tatuirovka va qimor kabi shar’an taqiqlangan ishlar uchun sayt yaratish va texnik yordam ko‘rsatish ularning gunohiga bevosita sherik bo‘lish hisoblanadi va bu joiz emas. Xuddi shuningdek, odamlarni aldashga asoslangan loyiha ekanini bila turib, ularga sayt qilib berish ham durust emasdir. Chunki bu, o‘sha taqiqlangan ishning amalga oshishi va tarqalishi uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri yordam berishdir.

Ammo uchinchi holatda, ya’ni "master-klass" o‘tuvchining soxtaligini bilmay, uning zohiriy ishiga qarab sayt qilib bergan bo‘lsangiz, gunohkor bo‘lmaysiz. Biroq, uning firibgar ekani ma’lum bo‘lgach, unga yordam berishni to‘xtatish lozim. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar