Sa’y qilishda yetti marta qilish o‘rniga oltita yurishidan keyin bir yurishini qilmay chiqib ketgan bo‘lsa, jarima to‘lash kerakmi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Agar sa’yning uch yurishi yoki undan ozini tark qilsa, necha yurishini tark qilgan bo‘lsa, har bir tark qilgan yurishi uchun yarim so’ (2 kg) bug‘doy yoki uning qiymatini sadaqa qilish vojib bo‘ladi.
ولو ترك منه أي من السعي ثلاثة أشواط أو أقل فعليه لكل شوط صدقة إلا أن يبلغ ذلك دما فله الخيار بين الدم وتنقيص الصدقة أي بقدر ما شاء أو مقدر بنصف صاع
“Agar sa’ydan uch yoki undan oz yurishini tark qilsa, tark qilgan har bir yurishi uchun sadaqa qiladi. Biroq qilishi kerak bo‘lgan sadaqa jonliqning qiymatiga yetib qolsa, xohlasa, jonliq so‘yadi, xohlasa, to‘lashi kerak bo‘lgan sadaqalari miqdoridan yarim so’(2 kg) kamaytirib beradi”. (Raddul muhtor, Irshodus soriy).
Bir yurish degani Safodan Marvaga yoki Marvadan Safoga borishdir.
Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.