SAVOL

ID: 3639

27.10.2025

76

Savol:

Assalomu alaykum. Jelatinni hamma turi xarommi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohim. Jelatin ba’zi hayvonlarning teri yoki suyagidan olinuvchi va dori-darmon yoxud ayrim oziq-ovqat mahsulotlari tarkibiga qo‘shiluvchi suyuqlikdir. Agar jelatin go‘shti yeyiladigan va halol tariqada so‘yilgan hayvonlardan olingan bo‘lsa uning iste’molida hech qanday muammo yo‘q. Lekin bugungi kunda aksar hollarda dori-darmon yoki oziq-ovqat mahsulotlari tarkibidagi jelatin qoramollardan ya’ni aslida go‘shti halol hayvonlardan olinadi. Biroq ular shar’an halol qiluvchi tariqada so‘yilmagan bo‘ladi. Ushbu holatda shariat hukmi quyidagicha bo‘ladi. Agar jelatin mazkur hayvonlarning suyagidan olingan bo‘lsa u pok hisoblanadi. Agar jelatin ularning terisidan olingan bo‘lsa ba’zi zamondosh fuqaholarning fikriga ko‘ra u halol hisoblanadi. Uning fikriga ko‘ra teri ma’lum kimyoviy amaliyotlar sababli mohiyatan boshqa narsalarga aylanib ketadi. Boshqa narsaga aylanishi bilan u pok bo‘ladi. Lekin bu xususda Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahulloh quyidagilarni aytadi: "Men zavodlardan biriga kirib ushbu amaliyotga guvoh bo‘ldim. Ushbu amaliyot bilan terining boshqa narsaga aylangani borasida menda aniq ishonch hosil bo‘lmadi. To‘g‘ri, ushbu amaliyot sababli ma’lum miqdorda kimyoviy o‘zgarishlar yuzaga keladi. Lekin u bir narsani to‘liq boshqa narsaga aylantira olmaydi. Bunga shu dalilki, go‘sht pishirilganda ham ma’lum darajada kimyoviy o‘zgarishlar yuzaga keladi, lekin hech kim go‘sht pishish bilan mohiyatan boshqa narsaga aylandi, demaydi. Agar unday desak har qanday harom go‘sht pishirish orqali halol bo‘lib ketardi. Ushbu soha mutaxassislaridan birining aytishicha, jelatin olish jarayonida terilarni mohiyatan boshqa narsaga aylantirmaydi. U terilarni tozalash va suyuqlikka aylantirish jarayonidir. Narsalarni suyuqlikka aylantirib qo‘yish uning mohiyatini o‘zgartirish hisoblanmaydi. Shuning uchun menga shu vaqtgacha uning boshqa narsaga aylanib ketishi borasida aniq ishonch hosil bo‘lmadi. Lekin ushbu amaliyotga guvoh bo‘lish va mutaxassislarga murojaat qilish orqali menga aniq bo‘lgan narsa shuki, ushbu jarayonda terilarni oshlash hosil bo‘ladi... Ushbu ish ustida tadqiqot olib borgan do‘stlarimdan biri fiqh va kimyo ilmlari mutaxassisi shayx Sarafroz Muhammad xulosasiga ko‘ra ham mazkur amaliyot (fiqh e’tiboridan) terilarni oshlash hisoblanadi, unda terining boshqa narsaga aylanishi yuz bermaydi. Halol tariqada so‘yilmagan hayvonning suyagi pok bo‘lgani uchun hamda uning terisi ham oshlash bilan pok bo‘lishi e’tiboridan ulardan olingan jelatin pok bo‘ladi. Hanafiylar ittifoqiga ko‘ra yemoqdan boshqa narsalar uchun iste’mol qilish joiz. Ammo hanafiylardagi fatvo berilgan so‘zga ko‘ra uni yeyish joiz emas. Lekin hanafiylarda ham, shofe’iylarda ham uni yeyish joizligi borasida ba’zi qavllar mavjud. Shu qavllarga amal qilgan holda (agar u cho‘chqa yoki uning suyagidan olinmagan bo‘lsa) zarurat uchun jelatindan olingan kapsulalarni davolanish uchun iste’mol qilish joizdir. Ammo davolanishdan boshqa maqsadda yeyish va tanovul qilish, madomiki uning boshqa narsaga aylangani isbotini topmagan ekan, joiz emasdir. Undan saqlanish lozimdir. Ularning oldi-sotdisiga kelsak cho‘chqadan boshqa hayvonlardan olingan jelatinlar savdosi joizdir."

Shayx Muhammad Taqiy Usmoniyning "Savdolar fiqhi" kitobi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar