Assalomu alaykum. Asrning 2 ta vaqti bor ekan, birinchisida soya tanadan 1 barobar katta bulsa, ikkinchisida 2 barobar katta bulishi kerak ekan. Biz tanadan soya 1 barobar katta bulganda ham uqisak buladimi?
Va alaykum assalom. Hanafiy mazhabi bo‘yicha asr namozining vaqti borasida ikki xil qarash bor:
Asr vaqti Quyosh zavoldan oqqandan keyin soya ikki barobar bo‘lganda kiradi. Ushbu qarashga mazhabimizdagi fatvo berilgan bo‘lib, ko‘pchilik mashoyixlar ixtiyor qilishgan.
Asr vaqti Quyosh zavoldan oqqandan keyin soya bir barobar bo‘lganda kiradi. Buni Imom Abu Yusuf va Imom Muhammadlar aytishgan. Imom Abu Hanifa ham ushbu gapni aytganlari rivoyat qilingan. Imom Tahoviy "Muxtasar"da, Taroblusiy "Burhon"da, Shurunbuloliy "Durrul muxtor"ning hoshiyasida ushbu fatvoni ixtiyor qilishgan.
Boshqa mazhab ulamolari ham soya bir barobar bo‘lganda asr vaqti kiradi, deydilar. Bu haqda Alloma Haskafiy shunday deydilar: Shuning uchun ikki haramda mazkur so‘zlarga amal qilgan holda asr namozini jamoat bilan o‘qish mumkin.
( وَوَقْتُ الظُّهْرِ مِنْ زَوَالِهِ إلَى بُلُوغِ الظِّلِّ مِثْلَيْهِ ) وَعَنْهُ مِثْلَهُ ، وَهُوَ قَوْلُهُمَا وَزُفَرَ وَالْأَئِمَّةِ الثَّلَاثَةِ .
"Peshinning vaqti quyosh oqqandan boshlab, har narsaning soyasi asliy soyasidan boshqa o‘zining ikki barobari bo‘lgunichadir. Imom Abu Hanifa rahimahulloh bir soya barobar bo‘lgunicha degan rivoyat ham bor. Imomayn, Imom Zufar va uch mazhab sohiblari ham bir barobar bo‘lguncha deganlar" (Raddul muhtor).
Agar biror kishi ikki Haram masjidlaridan birida namoz o‘qishga to‘g‘ri kelsa soya bir bo‘lganida ham jamoat bilan o‘qish mumkin. Hadisi shariflarda ikki haramda o‘qilgan namozlarning fazilati ko‘plab kelgani va ushbu muborak joylarda ixtilof qilmaslik zarurati sababli yurtdoshlarimiz asr namozini jamoatga iqtido qilgan holda o‘qishlari mumkin. Bu bilan Imom Abu Yusuf va Imom Muhammad raimahullohlarning fatvo bergan hamda ayrim mashoyixlarimiz ixtiyor qilgan fatvoga amal qilgan hisoblanadilar.