SAVOL

ID: 3283

14.10.2025

56

Savol:

Assalomu alaykum. Maxfiy o‘qiladigan namozlarni jahriy o‘qib qo‘ysa sajdai sahv qilish kerakmi?

Javob:

Ha, sajdai sahv qilish kerak. Masalaning biroz tafsilotiga kirishadigan bo‘lsak, hanafiy mazhabining zohir rivoyatiga ko‘ra, maxfiy o‘qiladigan namozlarda jahriy qiroat qilib qo‘yish bilan sajdai sahv vojib bo‘lmaydi. Biroq, keyingi davr fuqaholari maxfiy o‘qishni vojib sanaganlari uchun uni tark qilish sajdai sahvni taqozo qiladi, degan hukmni kuchliroq deb bilganlar. Shu bois, ibodatdagi ehtiyotkorlik yuzasidan bu holatda sajdai sahv qilish maqsadga muvofiqdir.

"Raddul muhtor" kitobida bunday deyilgan: وَفِي الذَّخِيرَةِ: إذَا جَهَرَ فِيمَا يُخَافِتُ عَلَيْهِ السَّهْوُ. وَفِي ظَاهِرِ الرِّوَايَةِ وَلَا سَهْوَ عَلَيْهِ، نَعَمْ صَحَّحَ فِي الدُّرَرِ تَبَعًا لِلْفَتْحِ وَالتَّبْيِينِ وُجُوبَ الْمُخَافَتَةِ، وَمَشَى عَلَيْهِ فِي شَرْحِ الْمُنْيَةِ وَالْبَحْرِ وَالنَّهْرِ وَالْمِنَحِ. وَقَالَ فِي الْفَتْحِ: فَحَيْثُ كَانَتْ الْمُخَافَتَةُ وَاجِبَةً عَلَى الْمُنْفَرِدِ يَنْبَغِي أَنْ يَجِبَ بِتَرْكِهَا السُّجُودُ اهـ فَتَأَمَّلْ

"Zaxira" kitobida: "Kim maxfiy o‘qiladigan o‘rinda jahriy o‘qisa, unga sahv sajdasi lozim bo‘ladi", deyilgan. Zohir rivoyatda esa unga sajdai sahv lozim emas. Ha, "Durar"da "Fath" va "Tabyin"ga ergashgan holda maxfiy o‘qishning vojibligini sahih sanagan. "Sharhul munya", "Bahr", "Nahr" va "Minah"da ham shu fikrga yurilgan. "Fathul qodir"da aytiladiki: "Modomiki yolg‘iz o‘quvchiga maxfiy o‘qish vojib ekan, uni tark qilish bilan sajda vojib bo‘lishi kerak". Bas, taammul qiling.

Xulosa shuki, keyingi davr fuqaholarning e’tiborli so‘zlariga binoan va ibodatdagi ehtiyotkorlik taqozosi bilan yuqoridagi holatda sajdai sahv qilish lozim amaldir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar