Assalomu alaykum. Payg'ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallamni ota onalari kofir holida ulganmi?
Bismillahir rohmanir rohim. Ahli sunna val jamoaning ko‘pchilik ulamolari Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ota-onalari "fatrat zamoni" – ikki payg‘ambar kelgan payt o‘rtasidagi uzilish davrida o‘tganlar deydilar. Alloh taolo “Isro” surasida shunday marhamat qilgan:
مَّنِ اهْتَدَى فَإِنَّمَا يَهْتَدي لِنَفْسِهِ وَمَن ضَلَّ فَإِنَّمَا يَضِلُّ عَلَيْهَا وَلاَ تَزِرُ وَازِرَةٌ وِزْرَ أُخْرَى وَمَا كُنَّا مُعَذِّبِينَ حَتَّى نَبْعَثَ رَسُولاً
ya’ni: «Kim hidoyatga yursa, o‘zi uchungina hidoyatga yuradir. Kim zalolatga ketsa, o‘zi uchungina zalolatga ketadir. Hech bir yukli jon o‘zganing yukini ko‘tarmas. Toki rasul yubormagunimizcha, azoblovchi bo‘lgan emasmiz» (15-oyat).
Ushbu oyati karima rasul yuborilmaganlar azoblanmas-ligiga qat’iy dalolat qilmoqda. Hazrati Iso alayhissalom va Hazrati Payg‘ambarimiz Muhammad sollalohu alayhi vasallam payg‘ambarlik davrlari oralig‘ida yashab o‘tgan insonlar “fatrat ahli” – uzilish davrida yashaganlar, deb nomlanadi ("Tafsiri Olusiy" kitobi).
Alloh taolo Moida surasida Payg‘ambarlar o‘rtasidagi uzilish davriga ishora qilib shunday deydi:
يا أَهْلَ الْكِتَابِ قَدْ جَاءَكُمْ رَسُولُنَا يُبَيِّنُ لَكُمْ عَلَىٰ فَتْرَةٍ مِّنَ الرُّسُلِ أَن تَقُولُوا مَا جَاءَنَا مِن بَشِيرٍ وَلَا نَذِيرٍ (19)
ya’ni: "Ey ahli kitoblar! Sizlarning: "Bizlarga na bashoratchi va na ogohlantiruvchi (payg‘ambar) kelmadi" deganingiz uchun sizlarga Rasulimiz (oldingi) payg‘ambarlardan bir muddat o‘tgach, bayon etuvchi bo‘lib keldi" (19-oyat).
Ushbu oyatdagi "payg‘ambarlardan bir muddat o‘tgach" iborasining tafsirini mashhur tobein Zahhok rahimahulloh: "Iso va Muhammad alayhimussalom o‘rtasidagi uzilish to‘rt yuz o‘ttiz yildan ortiqroq bo‘lgan", deganlar ("Tafsiri Tabariy" kitobi).
Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar”da ushbu masalaga to‘xtalib “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ota-onalari kufrda vafot etmaganlar”, – deganlar. O‘tgan asrimizning mashhur muhaqqiq olimlaridan biri Shayx Muhammad Zohid Kavsariy rahimahulloh “Fiqhul akbar”ning qadimiy va ishonchli nusxalaridan birida:
وابوا النبى صلى الله عليه وسلم ماتا على الفطرة
ya’ni: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ota-onalari fitrat (islomiy tabiat)da vafot etganlar”, — deyilganini ta’kidlaganlar.
Imom as-Suhayliy, Murtazo Zabidiy, Shayx al-Qirofiy kabi ko‘plab olimlar bu haqida alohida kitoblar yozishgan. Ayniqsa, Jaloliddin Suyutiy bir emas, uchta risola tasnif qilib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ota-onalari najot topuvchilardan ekanliklariga batafsil to‘xtalib o‘tganlar.
Umuman olganda ba’zi muhaqqiq ulamolar ushbu masalani faqat odob bilan zikr qilish lozimligini ta’kidlashgan. Chunki buni bilmaslik mo‘min bandaga zarar qilmaydigan, qabrda yoki Qiyomatda so‘ralmaydigan masalalardan sanaladi ("Raddul muhtor" kitobi). Tavfiq Allohdan.