Assalomu alaykum qo‘yni tirkligicha tarozida tortib qassoblarga sotsa bo‘ladimi javob uchun oldindan rahmat
Bismillahir Rohmanir Rohim. Bunday shakldagi savdo durust bo‘lishi uchun siz va qassob quyidagicha kelishib olishingiz kerak: "Qo‘yni tirikligicha taroziga qo‘yamiz, chiqqan kilosiga, masalan, ellik ming so‘mdan hisoblaymiz", deb avval kelishiladi. So‘ng qo‘y tortiladi.
Chiqqan vaznga qarab qo‘yning aniq, umumiy narxi chiqariladi va savdo ana shu aniq summaga bog‘lanadi. Ya’ni, narxni qulay va adolatli belgilash uchun shu uslubdan foydalaniladi.
Aslida shariat qoidasi bo‘yicha hayvonlar tarozida tortib sotiladigan emas, balki qiymatiga qarab, donilab sotiladigan tovar hisoblanadi. Lekin yuqoridagi holatda savdoning joiz bo‘lishiga sabab, tarozida tortgandan keyin aniq bo‘lgan umumiy summaga savdo bog‘lanayotgani uchundir.
Masalan, tirik vazni ellik kilo chiqsa va kilosiga ellik ming so‘mdan berishga kelishgan bo‘lsangiz, qo‘yning umumiy bahosi ikki yarim million so‘m bo‘ladi. Siz qo‘yni aynan shu ikki yarim million so‘mga sotgan bo‘lasiz, qassob esa shu summaga sotib olgan bo‘ladi.
“Badoi’us sanoi’” kitobida bunday deyilgan:
وجهالة الثمن تمنع صحة البيع فإذا علم ورضي به جاز البيع ؛ لأن المانع من الجواز هو الجهالة عند العقد وقد زالت في المجلس وله حكم حالة العقد فصار كأنه كان معلوما عند العقد “Narxning noma’lum bo‘lishi savdoning to‘g‘ri bo‘lishini man qiladi. Agar xaridor savdoning o‘zida narxni bilsa va shu narxga rozi bo‘lsa, savdo joiz bo‘ladi. Chunki savdoning to‘g‘ri bo‘lishidan to‘sib turgan narsa bu savdo vaqtidagi narxning noma’lumligi edi. Savdo kelishuvi bo‘layotgan vaqtda noma’lumlik yo‘qolsa, narx xuddi savdo bitimida ma’lum bo‘lgandek bo‘lib qoladi”.
Xulosa shuki, qo‘yning tirik holida taroziga qo‘yilgandan keyin uning aniq umumiy bahosining belgilanishi narxdagi noaniqlikni yo‘qotadi va bu savdoning to‘g‘ri bo‘lishini ta’minlaydi.
Vallohu a’lam.