SAVDO

ID: 3724

29.10.2025

112

Savol:

Assalomu aleykum. Savdodagi mahsulotlarga dinimizda qancha foiz yani ustiga qancha narx qo'yib sotish kerak?

Javob:

Vaalaykum assalom. Islom shariatida savdodagi foydaning muayyan bir chegarasi belgilanmagan. Savdoning asosiy sharti o‘zaro rozilik tamoyiliga qurilishidir.

Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisi sharifda keladiki, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Urva ibn Ja’d roziyallohu anhuga bir dinor berib, qo‘y olib kelishni buyuradilar. U zot bir dinorga ikkita qo‘y sotib olib, yo‘lda bittasini bir dinorga sotadilar va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bir qo‘y va bir dinor olib keladilar. Shunda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam uning bu savdosiga baraka tilab duo qiladilar.

Shuningdek, Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhu 170 mingga sotib olgan yerini keyinchalik 1 million 600 mingga sotgani haqida ham rivoyatlar bor.

Xulosa shuki, foyda miqdori bozor narxi va tomonlarning o‘zaro roziligiga bog‘liq. Lekin bunda sotuvchi aldov, tovlamachilik va xaridorning johilligidan foydalanish kabi harom yo‘llardan saqlanishi hamda bozordagi vaziyat, xaridorning holidan kelib chiqib, insof, bag‘rikenglik va muruvvatni unutmasligi lozim. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar