Ayol-qizlarning kiyimi, satri avrati shariatga muvofiq bo‘lishi uchun qanday bo‘lishi kerak?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Islom dini ko‘rsatmasiga ko‘ra muslima ayol-qizlarimiz balog‘atga yetganlaridan keyin begona (nomahram) erkaklardan to‘sish uchun o‘z avrat a’zolarini berkitib yurishlariga buyurilganlar. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
يَا أَيُّهَا النَّبِيُّ قُلْ لأَزْوَاجِكَ وَبَنَاتِكَ وَنِسَاءِ الْمُؤْمِنِينَ يُدْنِينَ عَلَيْهِنَّ مِنْ جَلابِيبِهِنَّ ذَلِكَ أَدْنَى أَنْ يُعْرَفْنَ فَلا يُؤْذَيْنَ وَكَانَ اللَّهُ غَفُوراً رَحِيماً
«Ey, Payg‘ambar! Xotinlaringizga, qizlaringizga va mo‘minlarning xotinlariga ayting, ustlariga yopinchiqlarini tashlab olsinlar! Mana shu ularning (kim ekanliklari) tanilib, ozorlanmasliklari uchun eng yaqin (vositadir). Alloh mag‘firatli va rahmli zotdir» (Ahzob surasi, 59-oyat).
Alloh taolo boshqa bir oyati karimada yana shunday degan: “Mo‘minalarga ham ayting, ko‘zlarini (nomahram erkaklardan) quyi tutsinlar va avratlarini (zinodan) saqlasinlar! Shuningdek, (odatda) ko‘rinib turadiganidan boshqa ziynatlarini ko‘rsatmasinlar va ro‘mollarini ko‘kraklari uzra tushirib olsinlar! ...” (Nur surasi, 59-oyat).
Nabiy sollallohu alayhi vasallam (sahobiya ayollardan biri Asmo bint Abu Bakr raziyallohu anhoga qarata): “Ey Asmo, ayol kishi voyaga yetganda undan mana bu va mana bu joylaridan boshqasi a’zosi ko‘rinishi mumkin emas”, deb yuz va qo‘llariga ishora qildilar (Imom Abu Dovud rivoyat qilgan).
Demak, shari’atimizda ayol-qizlarimizning o‘z sha’nlarini saqlashlari va begonalarning ko‘zi tushishi mumkin bo‘lmagan – avrat joylarini ro‘mol va boshqa kiyim boshlar bilan yopib yurishlari aniq belgilab qo‘yilgan. Hanafiy mazhabimizga ko‘ra ayollarning ikki qo‘li, kafti va yuzidan boshqa a’zolari avrat hisoblanadi.
Shuningdek, ayol kishining libosi shariatimizga muvofiq bo‘lishi uchun erkaklarning libosiga o‘xshamasligi, tor bo‘lib, ayolning a’zolarini bildirib turmasligi, yupqa bo‘lib, ortidagi narsani ko‘rsatadigan bo‘lmasligi hamda fitnaga sabab bo‘lmaydigan libos bo‘lishi shart qilingan.
Shu bilan birga ayol kishining kiyimning o‘zi ham ziynat bo‘lmasligi shart. Ya’ni, nomahram erkak kishilarning e’tiborini o‘ziga jalb qiladigan yaltiroq va yashnab turuvchi ranglarda bo‘lmasligi talab etiladi. Chunki Alloh taolo Qur’oni karimda:
وَلَا يُبْدِينَ زِينَتَهُنَّ
“Ayollar zeb-ziynatlarini ko‘rsatmasinlar!” deya buyurgan (Nur surasi, 31-oyat).
Ushbu oyatdan ulamolar ayol kishining libosining o‘zi odamlarni o‘ziga jalb qiladigan bo‘lmasligi kerakligi kelib chiqishini ta’kidlashgan.
Dinimizda ayollarning libosi yoki ro‘moli muayyan bir rangda yoki shaklda bo‘lishi qat’iy belgilanmagan. Balki ayol kishining yuzi va ikki qo‘lining kaftlaridan boshqa a’zolarini berkitadigan holda sidirg‘a yoki gulli matodan ko‘ylak kiyib va ro‘mol o‘rab yursa joizdir. Ko'ylak va ro‘molni qaysi ko‘rinishida yoki rangda bo‘lishning ahamiyati yo‘q. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.