SARTAROSH BILAN MEHNAT HAQIDA SAVDOLASHILMAYDIMI?

ID: 38

04.04.2025

70

Savol:

Ustoz, bir joyda sartarosh, tikuvchi va go‘rkov bilan mehnat haqida savdolashilmaydi, deb eshitganman. Shu haqida dinimizda nima deyilgan?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Siz aytgan kasb egalari bilan savdolashish mumkin. Shariatimizda “sartarosh, tikuvchi va go‘rkov bilan mehnat haqqida savdolashilmaydi” degan gap yo‘q. Aksincha har bir halol mehnat turiga munosib haq to‘lanishi kerakligi belgilab qo‘yilgan. Sartarosh, tikuvchi va boshqa kasb egalarini yollab ishlatilgan taqdirda ular bilan albatta biror kelishuv, bitim tuzilishi shart. Chunki kimnidir biror ishga yollab ishlatishlik islomdagi ijara bitimi hisoblanadi. Ijaraning shariatga muvofiq bo‘lishidagi muhim shartlardan biri ish haqqining aniq bo‘lishidir.    Bu borada "Muxtasarul viqoya" kitobida bunday deyilgan:

هِي بَيْعُ نَفْعٍ مَعْلُومٍ بِعِوَضٍ، ويُعْلَمُ النَّفْعُ بِذِكْرِ المُدَّةِ وبِذِكْر العَمَلِ

Ijara – biror haq muqobiliga ma’lum manfaatlardan foydalanish uchun tuzilgan savdo shartnomasi. Manfaat ma’lum bo‘lishi uchun esa foydalanish muddati va xizmat turini aytishlik zarur bo‘ladi (“Muxtasarul viqoya” kitobi).

Agar sartaroshxonada ko‘rsatiladigan xizmatlar narxi yozib qo‘yilgan bo‘lsa yoki o‘sha shahar yo qishloqda xizmat narxi ma’lum bo‘lsa, har ikki taraf rozi bo‘lib, xizmat taqdim etilsa, bu bilan ham kelishuv amalga oshgan hisoblanadi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar