“SALAM” SAVDOSI QANDAY BO‘LADI

ID: 988

04.04.2025

107

Savol:

Erta bahorda dehqon bilan kelishib, kuzda piyoz yetkazib berishi uchun 500 so‘mdan pul bersam, kuzda esa piyoz 1000 so‘m bo‘lsa, men piyozni olsam sudxo‘rlikka kiradimi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Yo‘q, bu sudxo‘rlikka kirmaydi. Shariatimizda xaridor pulni avvaldan berib qo‘yib, sotuvchi mahsulotni keyin yetkazib berishi – "salam" savdosi deyiladi va bu durust savdo hisoblanadi.      Aslida bu savdo hali mavjud bo‘lmagan narsani sotish bo‘lsada uning joiz ekaniga Qur’on, sunnat va ijmo’dan dalillar bor. Ibn Abbos raziyallohu anhu aytadilar: “Guvohlik beramanki, ma’lum muddatga zimmaga olingan salaf (ya’ni, salam savdosi)ni Alloh taolo halol qilgan va ruxsat bergan. Alloh taolo shunday deydi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا إِذَا تَدَايَنْتُمْ بِدَيْنٍ إِلَى أَجَلٍ مُسَمًّى فَاكْتُبُوهُ

ya’ni: “Ey, imon keltirganlar! Bir-biringizdan biror muddatga qarz olib, qarz bersangiz, uni yozib qo‘yingiz” (Baqara surasi, 282-oyat) (Imom Hokim “Mustadrak” kitobida rivoyat qilgan).   Ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

قَدِمَ اَلنَّبِيُّ صلى الله عليه وسلم اَلْمَدِينَةَ، وَهُمْ يُسْلِفُونَ فِي اَلثِّمَارِ اَلسَّنَةَ وَالسَّنَتَيْنِ، فَقَالَ: " مَنْ أَسْلَفَ فِي تَمْرٍ فَلْيُسْلِفْ فِي كَيْلٍ مَعْلُومٍ، وَوَزْنٍ مَعْلُومٍ، إِلَى أَجَلٍ مَعْلُومٍ " (مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ)

ya’ni: “Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida odamlar mevalar uchun bir, ikki yilga pul olardilar. U zot alayhissalom: “Kim xurmo uchun qarz olsa, ma’lum idish (o‘sha paytlarda mahsulotlar idishlarda ham o‘lchangan), ma’lum og‘irlikka va ma’lum vaqtga olsin”, – dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).      Islom ummati salam savdosining joizligiga ijmo’ qilganlar, ya’ni yakdil fikrga kelganlar. Chunki savdoning bu turiga odamlarning hojati va zarurat bor.     Salam savdosining rioya qilinishi kerak bo‘lgan bir nechta shartlari bor. Umumiy shart – mahsulotning miqdori va sifati ma’lum bo‘lishi kerak (masalan, kilo, idish yoki metrda o‘lchanadigan yoki sanaladigan mahsulotlar bo‘lishi. Hayvonlar, ularning a’zolari, terilari va qimmatbaho gavharlarda salam savdosi bo‘lmaydi).  Endi, salam bitimini tuzish uchun mahsulotning quyidagi jihatlari ma’lum bo‘lishi kerak: 

  1. Mahsulotning jinsi (masalan, bug‘doy),
  2. Navi (masalan, “lalmi” yoki “obi”),
  3. Sifati  (masalan, yaxshi, o‘rtacha yoki yomon),
  4. Miqdori (kilo, metr, dona yoki hajmi),
  5. Vaqti (salamning eng kam muddati 1 oy),
  6. To‘lanadigan pulning miqdori (bitim o‘z kuchida qolishi uchun mahsulot sotmoqchi bo‘lgan odam pulni oldindan olishi kerak),
  7. Mahsulotni tashish xarajatli bo‘lsa, mahsulotni qayerga yetkazib berish joyi ma’lum bo‘lishi lozim (“Fathu babil inaya” va “Al-Muxtor” kitoblari).      Demak, yuqoridagi shartlarga to‘g‘ri keladigan mahsulotlarga avvaldan pul berib qo‘yish joiz. Lekin salam savdosida belgilangan vaqt kelgach, mahsulotning narxi kelishilgan narxdan arzon yoki qimmat bo‘lishi e’tiborga olinmaydi. Balki, mahsulot salam bitimida ko‘rsatilgan narxda yetkazib beriladi. Sizning misolingizda kuzda piyozning narxi qimmat yoki arzon bo‘lib ketsa ham, kelishilgan narxda, ya’ni 500 so‘mdan olinaveradi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar