Namozda sajda holatida ikki tovonni bir-biriga tekkizib turish Hanafiy mazhabida qanday amal?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Oisha raziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
فقدت رسول الله صلي الله عليه و سلم و كان معي علي فراشي فوجدته ساجدا راصا عقبيه مستقبلا باطراف اصابعه القبلة (صحيح ابن خزيمة)
“Bir kecha Rasululloh sallollohu alayhi vasallamni o‘rinda yo‘qotib qo‘ydim. Izlasam, qo‘lim oyoqlarining ostiga tegdi, u zot sajdada ekanlar, ikki oyoq barmoqlari qiblaga yuzlangan holda bir biriga yopishib, tik turgan ekan”. Mana shu hadisni dalil qilib, ba’zi ulamolar sajda holatida tovonlarni bir-biriga tekkizib turish sunnat, deganlar. Ammo, Hanafiy mazhab ulamolari jumladan Mavlono Abdulhay Laknaviy o‘zlarining “As-si’oya fi kashfi ma fi sharhi Viqoya” nomli kitoblarida bu masalaga batafsil to‘xtalib o‘tib, nihoyasida sajda holatida tovonlarni bir-biriga tekkizib turish sunnat emasligini bayon qilganlar.
والقول الفیصل، أن یقال إن کان المراد بإلصاق الکعبین أن یلزق المصلي أحد کعبیہ بالآخر․․․ فلیس ھو من السنن علی الأصحّ (السعاية في كشف ما في شرح الوقاية)
“Xulosa shuki, agar tovonlarni bir-biriga tekkizishdan namozxon bir to‘pig‘ini boshqasiga tekkizib turishi iroda qilingan bo‘lsa, asah so‘zga ko‘ra bu sunnatlardan emas”.
Mavlono Abdulhay Laknaviy o‘z so‘zlarini quvvatlash uchun Imom Bayhaqiy rahimahulloh Baro ibn Ozib raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadislarini keltiradilar:
كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِذَا رَكَعَ بَسَطَ ظَهْرَهُ وَإِذَا سَجَدَ وَجَّهَ أَصَابِعَهُ قِبَلَ الْقِبْلَةِ فَتَفَاجَّ. یعني وسّع بین رجلیہ ( رواه البيهقي)
“Nabiy sallallohu alayhi vasallam ruku qilganlarida bellarini tekis tutardilar va sajda qilsalar ikkala oyoqlarini bir-biridan ajratgan holda barmoqlarini qiblaga yuzlantirardilar” (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Mavlono Abdulhay Laknaviy yuqoridagi har ikki hadis sahih bo‘lsa-da, biroq, sajda holatida erkaklarning tovonlarni bir-biridan ajratib turishlari sunnatga muvofiq ekanligini aytadilar. Chunki, erkak kishining sajdasi haqida kelgan ko‘p hadislarda namoz o‘quvchining mo‘’tadil, a’zolari ochiq holda sajda qilishiligi zikr qilingan.
عن انس رضي الله عنه عن النبي صلي الله عليه و سلم قال: اعتدلوا في السجود ولا يبسط احدكم ذراعيه انبساط الكلب (رواه البخاري)
“Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Sajdada mo‘’tadil bo‘linglar. Birortangiz ham bilagini itga o‘xshab yoymasin”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Abdulloh ibn Buhayna raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda esa “Nabiy sallallohu alayhi vasallam qachon namoz o‘qisalar, ikki qo‘llarini ochib qo‘yar edilar. Hatto, qo‘ltiqlarining oqi zohir bo‘lar edi” deyilgan. (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan).
Shu e’tibordan faqihlar sajdada tovonlar orasi ochiq holda turishi sunnatga muvofiq ekanligini ta’kidlaganlar. Qolaversa, Oisha onamizning hadislari juz’iy holat bo‘lib, doimiy va umumiy holat emasligi, doimiy va umumiy holatga Baro ibn Ozib raziyallohu anhuning hadislari to‘g‘ri kelishini bayon qilganlar (“As-si’oya fi kashfi ma fi sharhi Viqoya” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.