SAJDA OYATI

ID: 6821

31.01.2026

75

Savol:

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuh Shayx Muxammad Sodiq Muxammad Yusuf hazratlarining "Qurʼoni karim va oʻzbek tilidagi maʼnolar tarjimasi" kitobidan sajda oyatini tarjimasini oʻqiganda sajda qilish kerakmi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim. Sajda oyatining tarjimasini o'qigan odam sajdai tilovat qiladi. Tarjimani eshitgan odam uning sajda oyatining tarjimasi ekanini bilsa, sajdai tilovat qiladi, bilmasa, qilmaydi. Shamsul Aimma Abu Bakr Saraxsiy rahimahulloh bu haqda quyidagilarni aytgan: (قَالَ) وَيَسْتَوِي فِي حَقِّ التَّالِي إذَا تَلَاهَا بِالْفَارِسِيَّةِ أَوْ بِالْعَرَبِيَّةِ وَفِي حَقِّ السَّامِعِ كَذَلِكَ عِنْدَ أَبِي حَنِيفَةَ - رَضِيَ اللَّهُ تَعَالَى عَنْهُ - فَهِمَ أَوْ لَمْ يَفْهَمْ بِنَاءً عَلَى أَصْلِهِ بِالْقِرَاءَةِ الْفَارِسِيَّةِ وَعِنْدَهُمَا إنْ كَانَ السَّامِعُ يَعْلَمُ أَنَّهُ يَقْرَأُ الْقُرْآنَ فَعَلَيْهِ سُجُودُ السَّجْدَةِ وَإِلَّا فَلَا وَفِي الْعَرَبِيَّةِ عَلَيْهِ السَّجْدَةُ عَلَى كُلِّ حَالٍ وَلَكِنْ يُعْذَرُ بِالتَّأْخِيرِ مَا لَمْ يَعْلَمْ “Sajda oyatini arabiy yoki forsiyda tilovat qilgan kishi haqqida barobardir (ya'ni u tilovat sajdasini qiladi). Eshitganlar haqqida esa Abu Hanifa rahimahullohning nazdida shunday. Ma'nosini tushunsin, tushunmasin, sajda qiladi. Imom Abu Юsuf va imom Muhammad rahimahulloh nazdidagi hukm shuki, agar tarjimani eshitgan inson qiroat qilinayotganini bilsa, sajdai tilovat qiladi, bilmasa, qilmaydi. Arabiydagi tilovatni eshitsa, har qanday holatda (bilsa ham, bilmasa ham) sajda qiladi. Bilmagan holatda, to uning sajda oyati ekanini bilgunicha uzrli bo'ladi, xolos” (“Mabsuti Saraxsiy” kitobi). Fatvo ikki imomning gapiga berilganini keyingi ulamolar aytgan: وفي الفيض وبه يفتى وفي النهر عن السراج أن الإمام رجع إلى قولهما وعليه الاعتماد “Fayzul-mavlal-karim” kitobida: “Fatvo shu gapga berilgan”, deyilgan. “Nahrul-foiq” kitobida “Sirojul-vahhoj” kitobidan naql qilib aytiladi: “Imom (Abu Hanifa rahimahulloh) shogirdlari so'ziga qaytgan va shu gapga tayaniladi” ("Raddul muhtor" kitobi). Vallohu a'lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar