Alloh taolo qilayotgan xizmatlaringizdan rozi bo‘lsin. O‘rtamizda bir masala bahsli bo‘lib qoldi. Shuning uchun sizlarga murojaat qilyapmiz. Biz 1000 km uzoqlikdagi sahro joyga bir oy muddatga ishlash uchun boramiz. Ba’zida 10 kunda 5-6 km nariga ko‘chib o‘sha yerda ishni davom ettiramiz. Namozni qasr qilib o‘qiymizmi yoki to‘liq o‘qiymizmi? Javobingiz uchun oldindan rahmat.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Duolaringiz uchun tashakkur! Siz aytgan holatlarda namozni qasr qilib, ya’ni to‘rt rakatli namozlarni ikki rakat qilib o‘qiysiz. Muxtasarul viqoya kitobida musofirning niyati quyidagicha ta’riflangan:
فَيَقْصُرُ الرُّبَاعِيَّ إِلَى أَنْ يَدْخُلَ بَلَدَهُ، أَوْ يَنْوِي إِقَامَةَ نِصْفِ شَهْرٍ بِبَلْدَةٍ أَوْ قَرْيَةٍ وَاحِدَةٍ، وَبِصَحْرَاءِ دَارِنَا وَهُوَ خِبَائِيٌّ
“Bas, u to o‘z yurtiga qaytib kirguncha yoki bir shahar yoki qishloqda yarim oy turishni niyat qilguncha yoxud ko‘chmanchi bo‘lsa, diyorimizdagi sahroda yarim oy turishni niyat qilguncha, to‘rt rak’atli (farz) namozlarni qasr qiladi”.
Matndan ma’lum bo‘ladiki, bir joyga borib muqim joylashish uchun u joy yo shahar, yo qishloq bo‘lishi kerak. Sahro joyda muqim joylashib bo‘lmaydi va u yerda qancha vaqt tursa ham, namozlarini qasr qilib o‘qiydi. Sahroda muqim bo‘lish faqat ko‘chmanchi hayot kechiradigan qabilalarga tegishli. Ular matnda ko‘chmanchi, deb tarjima qilingan (خِبَائِيٌّ) xiboiylardir. Bu toifa doimiy yashash vatani bo‘lmaganidan chodirlarda kun ko‘rib yashovchilardir.
Demak, doimiy yashash joylari bor kishilar aholi yashamaydigan sahro joylarda muqim bo‘lmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.